Breaking News

Qirg’iziston xotin-qizlari: faollikning soyasida yotgan muammolar


Qirg'iziston bozorida savdo qilayotgan ayol
Qirg'iziston bozorida savdo qilayotgan ayol

Qirg’iziston ayollari azaldan erkinligi, faolligi bilan ajralib turgan. Masalan, qirg’iz xonadonlarida xotin-qizlarning xohish-irodasi muqaddas sanalib kelgan.
Ne ajabki, hozirda bu qutlug’ zotning tashvish-muammolari ko’payib, vaqt o’tishi bilan yangicha tus olmoqda.

Ushbu ko’rinish, ayniqsa, ayollar bilan ishlovchi tashkilotlar hamda yosh avlod vakillarini tashvishga soladi.

Diplom javonda, kelin - “beminnat xizmatda”

O’zgan shahrilik yozuvchi va shoira Matluba Musaboyeva asarlarining bosh qahramoni - mushtipar ayol zoti. Adibaning kechinmalari, mulohazalari voqelikka asoslangan. Shahar Ayollar kengashining raisasi sifatida u opa-singillarning barcha quvonch-tashvishlaridan ogoh.

“Qarangki, xonadonda hamma izzatda, kelin esa beminnat xizmatkor. Kaltak doim kelinning boshida sinadi. Qaynonalar kelin tarafga qo’yayotgan moddiy talablarning cheki yo’q. Har-xil marosimlarga faloncha savat, falon xil qand-qurs hamda pishiriqlar, falon rusumdagi libosu-jihoz olib keling, deya iltimos ham emas - buyruq beriladi. Bunday yukni har kimning ham hamyoni ko’tarmaydi, oqibatda qarzga botiladi”, - deydi Matluba Musaboyeva.

Mahalliy nodavlat tashkilotlarga ko’ra, keyingi yillarda, ayniqsa, o’zbek millatiga mansub xonadonlarda, oliygohlarni tamomlab, uyda o’tirib qolgan qiz-kelinlar safi oshib bormoqda.

“Qo’shnimning qizi yaxshi mutaxassis, ammo u kelin bo’lib tushgan xonadon ishlashga izn bermadi. Diplomini ota uyida saqlab qo’yishgan. Bilimli, malakali xotin-qizlarimiz sevimli kasbini davom ettirolmayotgani o’ta achinarli hol. Menimcha, zar qadrini zargar biladi, deganday, o’qigan qizlarimiz tushungan xonadonga kelin bo’lgani afzal”, - deydi O’sh shahridagi jamoatchilik jamg’armalaridan birining xodimasi Odinaxon Ro’ziyeva.

Oilasini saqlab qolish uchun yosh kelin sharoitga ko’nishga, “tushgan xonadonining it-mushugiga ham salom berishga” majbur.

Ajralishlar nega ko’payyapti?

Qirg’izistonda yildan yilga yosh oilalar orasida ajralishlar ko’payayotgani qayd qilinmoqda.

“Bizning O’zgan shahrimizda ham bu asosiy muammolardan biri. Asosiy sabab aynan oilaviy zo’ravonlik, kelinlarni xo’rlash, - deydi Ayollar kengashining raisasi. - Yaqinda yana bir yosh oila buzildi. Homila muddatiga yetmayotgani bois, shifokorlar kelin-kuyovga davolanishni tavsiya etgan. Ammo yigit taraf kelinni ayblagan, bechora kaltak ostida qolib kelgan. Oxir-oqibat sabri tugagan”.

Odinaxon Ro’ziyeva fikricha, yosh qizlarning katta hayotga yetarlicha tayyor emasligi ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda.

“Yengil-yelpilik, ozgina qiyinchilikka chidamayotganlarni ko’rib, qizlarimiz yengilroq tarbiya olishayaptimikin, deb o’ylab qolaman. Umuman, ayol kishi chidamliroq, sabrliroq bo’lishi lozim, har qanday vaziyatning yechimini topishga harakar qilingani yaxshi”, - deydi suhbatdosh.

Oxirgi yillargacha hududda qizlarni 16-17 yoshdan, o’rta maktabni bitirib ulgurmay, kuyovga uzatish hollari odat tusini olgan edi. Ikki yil muqaddam mamlakat prezidenti bunday qonunbuzarlikka chek qo’yishni talab qildi va ko’rininsh bir qadar ozaydi.

“Hali bolalik, o’smirlik yoshidan chiqmagan qizlar qanday qilib turmushni eplaydi? Ana sizga gap-so’zlar, o’zaro xafalik, nizo-norozilik”, - deydi Matluba Musaboyeva.

Qiz olib qochish va iqtisod

Galdagi suhbatdoshlar - mahalliy o’quv yurtlarining talabalari, bo’lajak shifokor hamda dizaynerlar. Ular Qirg’izistonda haligacha qiz olib qochish odatiga barham berilmagani, to’ylar tobora dabdabali tus olayotganidan norozi.

“Yaqinda bir kursdoshimizni yigit olib qochdi. Qizning roziligi bilan. Hozir birga yashashyapti”, - deydi Nuriza ismli qiz.

Aytish joizki, “o’z roziligi” degan ibora yoki kuyovning to’y qilish, odat bo’yicha, qalin to’lashga imkoni yo’qligi yoki ota-onalar fikriga qarshi borishni anglatadi.

Ayni paytda mahalliy matbuot qizlarni zo’ravonlik yo’li bilan olib qochish hollari haqida hikoya qiladi. Mahalliy kuzatuvchilar aytishicha, odat niqobi ostida amalga oshirilaoytgan bunday jinoyat uchun javobgarlikka tortish hollari kamdan-kam uchraydi.

Vatanda ish bo’lsa, olisni kim ko’zlaydi?

“Mehnat muhojiroti tobora avj olyapti. Qanchadan-qancha yosh oilalar Rossiyada, Qozog’istonda nochor ahvolda yashab pul topayapti. Bir tanishimning Qozog’istonda ishlayotgan qizining bu yilgi qahraton qishda tovuqlari muzlab qolibdi. O’zganda qolgan onaizor, “tuxumlar bolalarga ozuqa edi, endi nima qiladi”, deb kuyunyapti. Vatanda korxonalar ochilsa, birov olisga borarmidi”, - deydi Matluba Musaboyeva.

Mahalliy shifokorlar xorijda ishlayotgan xotin-qizlar kasallikka chalinib, yaxshi davolana olmay, homilasidan ajrayotgan, hatto nobud bo’layotgan hollar haqida gapiradi.

Kechgacha “diniy bilim izlayotgan” bekalar

Kuzatuvchilarning aytishicha, mintaqa ayollarining ayrim qatlamlarida aqidaparastlikka moyillik seziladi.

“Oilasini o’z holiga tashlab qo’yib, ertalab ketib, to asrgacha hujrama-hujra diniy bilim izlab yurgan bekalar bor ekan. Bunday oyimlarni tushunmayman”, - deydi Odinaxon Ro’ziyeva.

Matluba Musaboyevaning aytishicha, oxirgi yillarda davlat tomonidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar natijasida noan’anaviy diniy oqimlarga qiziqish pasayib bormoqda. Ko’pchilik ayollar diniy saboqlarni masjidlar qoshida ochilgan kurslarda olmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG