Breaking News

Liviya hukumatidan qurol embargosi olib tashlanishi mumkin


Venadagi majlis paytida, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (markazda), Italiya Tashqi ishlar vaziri Paolo Gentiloni (chapda) va BMTning Liviya bo'yicha maxsus vakili Martin Kobler, 16-may, 2016-yil
Venadagi majlis paytida, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (markazda), Italiya Tashqi ishlar vaziri Paolo Gentiloni (chapda) va BMTning Liviya bo'yicha maxsus vakili Martin Kobler, 16-may, 2016-yil

21 davlat rasmiylari dushanba kuni Venada uchrashib, Liviyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan yangi hukumatini jangarilarga qarshi kurashda qurol bilan ta’minlashga kelishib oldi.

Majlisda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham qatnashdi.

O'tgan yil dekabrida BMT vositachiligida Liviyada Milliy totuvlik hukumati tuzilgan edi. Uni mamlakatning turli hududlaridan chiqqan to'qqiz arbobni o'z ichiga olgan Prezident kengashi boshqarmoqda. Kengashga Fayoz Siroj rais.

Muammo shundaki, Milliy totuvlik hukumatiga poytaxt Tripolida islomiy hukumat (Umumiy milliy kongress), sharqdagi Tobruk shahrida esa yaqingacha BMT tomonidan tan olib kelingan boshqa bir hukumat (Vakillar kengashi) qarshi turibdi. Prezident kengashi ularni o'z tomoniga og'dirishga harakat qilmoqda.

Bu va ko’plab boshqa qurollangan maydaroq guruhlar hokimiyat uchun o’zaro kurashib keladi, Daish ham mamlakatda faol, xususan O'rta dengiz bo'yidagi Sirta port shahri jihodchilar qo'lida.

Qo’shma Shtatlar va boshqa davlatlar qo’sh hokimlikka chek qo’yishga qaror qilib, Prezident kengashini amaliy jihatdan qo’llab-quvvatlamoqchi - qurol va harbiy tayyorgarlik bilan.

Kerrining matbuot anjumanida aytishicha, xalqaro hamjamiyat Liviyaga qo’yilgan qurol embargosini bekor qilib, unga Daish va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurashda qurol-yarog’, o’q-dorini qo’lga kiritishda yordam beradi.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, Liviyada tuzilgan qo’shma hukumat qonuniy va haqiqiy bo’lib, u o’zini boshqa jangari guruhlardan himoya qila bilishi kerak.

"Yordam sifatida xorijdan Liviyaga qo’shin yuborish haqida gap ketayotgani yo’q", - dedi Jon Kerri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG