Birlashgan Millatlar Tashkiloti Liviyadagi vaziyatni tinchitish uchun xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirishga undamoqda. Bu davlatda urush alanga olishi butun mintaqani ostin-ustun qiladi, deya bong urmoqda xalqaro tashkilot.
Liviyada “Islomiy davlat” guruhini qo’llab-quvvatlaydigan jangarilar borligi muammoning bir qismi xolos. BMT hokimiyatga da’vogar barcha taraflar bilan muzokara olib borayapti.
“Albatta, tinchlik muloqotida barcha qurollangan guruhlar ishtirok etishini istaymiz, ammo terrorchi deb belgilangan to’dalar bundan mustasno”, - deydi tashkilotning maxsus vakili Bernardo Leon.
To’qnashuvlar sabab Liviyaning ikki katta neft portida ish to’xtagan. “Islomiy davlat” tarafdorlari vaziyatdan foydalanib, trening lagerlari tashkil etdi, deydi rasmiylar.
“Country Risk Solutions” konsalting firmasi rahbari Daniel Vagnerga ko’ra, Liviyada islomiy jangarilarga qarshi kurash mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi. Bu davlatdagi “Ansar al-Sharia” guruhi o’zini “Islomiy davlat”ning bir qismi deb e’lon qilgan. So’nggi yillarda dunyoda jihodchi guruhlar soni deyarli ikki baravar ko’payib, 41 taga yetdi.
“Bu hozirda faoliyat yuritayotgan esktremist guruhlarning soni. G’arbda bu to’dalarga qarshi kurash olib borayapmiz deb bong uramiz, lekin aslida strategiyamiz xom. Kurashni samarali deb bo’lmaydi”, - deb hisoblaydi Vagner.
Gap shundaki, urushlardan charchab ketgan G’arb ommasi xorijdagi mojarolarga aralashishni ortiq istamaydi va o’z hukumatidan shuni talab qilmoqda, deydi mutaxassis. Agar Afrika va Yaqin Sharqda faollashayotgan jihodchilar hamkorlik qila boshlasa, buning oqibatlari qanday bo’lishini aytish qiyin.
“Ular umumiy bir maqsad sari harakat qilib, taktika va ish uslublarini muvofiqlashtirsa, hozirgi vaziyat aslida holva ekanini darrov tushunamiz”, - deya sharhlaydi Daniel Vagner.
“Islomiy davlat” guruhi Suriya va Iroqda katta hududlarni bosib olib, garovdagi chet el fuqarolarini xalqaro jamoatchilik ko’zi oldida birma-bir qatl etdi. Endi boshqa to’dalar ham ergashib, unga qo’shilish harakatida.
G’arb hozircha havo hujumlari bilan cheklanyapti, Iroq armiyasi hamda Suriyadagi muxolifatiga yordam ko’rsatyapti. “Islomiy davlat”ga qarshi koalitsiyaga qo’shilgan ayrim hukumatlar bosim ostida.
“Fors ko’rfazi bo’yidagi ayrim davlatlarda shunday vaziyat vujudga kelganki, Iroq yoki Suriyaga hech bormagan, ammo “Islomiy davlat” faoliyatini ma’qullaydigan odamlar yakka o’zi hujumlar uyushtirmoqda”, - deydi tahlilchi Jorjio Kafyero.
Saudiya Arabistoni kabi mazhablararo ziddiyat kuchli bo’lgan mamlakatlarda “Islomiy davlat” tarafdorlari bu guruhdan buyruq ola boshlashi ham mumkin, deya ogohlantiradi u.
“Haqiqiy tahdid shundaki, qirollikda ayrimlar guruh nomidan mustaqil ravishda hujumlar uyushtirishi mumkin. Bunday tahdidga qarshi kurashish juda qiyin, hukumat deyarli hech narsa qila olmaydi”, - deydi Kafyero.
O’tgan oy Birlashgan Arab Amirliklari va Misrning Liviyadagi elchixonalari oldida bomba o’rnatilgan avtomashinalar portladi. “Islomiy davlat”ga qarshi kurash, deydi ekspertlar, Liviyani ham o’z ichiga olishi lozim.