Breaking News

Turkiya Liviyaga nisbatan sanksiya va hujumga qarshi


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, bunday choralar vaziyatni keskinlashtiradi xolos.

Liviyada hukumatga moyil kuchlar isyonchilarga qarshi hujumlarini avj oldirar ekan, AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiy Tripoli va Muammar Qaddafiyga nisbatan qattiq sanksiya joriy etish hamda Liviya samolyotlari parvozlariga to'sqinlik qilish ustida o'ylanmoqda. Biroq NATO a'zosi Turkiya bunga qarshi.

Liviyada tinch aholi har kuni qurbon bo'layotganiga qaramay Turkiya hukumati sanksiya va harbiy choralarga qarshi chiqmoqda. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts yaqinda choralar haqida so'zlaganida, Liviya samolyotlari parvozlarini to'xtatish uchun ularni urib tushirishga to'g'ri keladi, degan edi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, bunday choralar vaziyatni keskinlashtiradi xolos.

"Liviyadagi vaziyat tahlili shuni ko'rsatadiki, chetdan aralashuv teskari oqibatlarga olib keladi. Buni hozircha liviyaliklarning o'zi ham, u yerda faol guruhlar ham so'rayotgani yo'q", - deydi u.

Dovuto'g'lining aytishicha, Turkiya AQSh yoki Yevropa Ittifoqi emas, balki BMT sanksiyalarini qo'llab-quvvatlashga tayyor.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an G'arb davlatlarini Liviyaning ulkan neft zaxiralarini nazorat qilish maqsadida unga hujum qilmoqchi bo'lganlikda ayblaydi. Biroq BMT Xavfsizlik Kengashi ham bir ovozdan sanksiyalarni qo'llab, Liviyada ahvol keskinlashar, xalqaro hamjamiyat qattiqroq choralarga chaqirar ekan, Turkiya, mahalliy jurnalist Semix Idiz fikricha, borgan-sari yakkalanib bormoqda.

"Turkiya oqimga qarshi suzayotganday. Erdog'an Misrdagi namoyishlarni birinchilardan qo'llab-quvvatlab, prezident Muborakni iste'foga chiqishga chaqirgan edi. Ammo Liviya misolida bu siyosatni ko'rmayapmiz. Erdog'an sanksiyalarga qarshi ekanini aytib, Qaddafiyga yon bosayotganday. Ammo Qaddafiyning kuni bitmoqda".

Turkiyadagi yirik muxolif guruhlardan biri hukumat siyosatidagi bunday qarama-qarshilikdan foydalanishga harakat qilib, bosh vazirni Liviya rahbari bilan yaqin aloqada ekanlikda ayblagan. Biroq Turkiya elchisi, tashqi ishlar vazirining ikki tomonlama aloqalar va xalq diplomatiyasi bo'yicha muovini Salim Yenelning aytishicha, Liviya masalasi bo'yicha betaraf bo'lib turgan ma'qul.

"Kim haqu, kim nohaqligini hal qilishga nima haqqimiz bor? Liviyaga nisbatan boshqacha siyosat tutish kerak, axir u yerda odamlar o'lyapti. Tarafkashlik qilib esa vaziyatni yanada chigallashtirishimiz mumkin", - deydi elchi.

Liviyaga nisbatan siyosatni belgilashda Turkiya biznes manfaatlarini inobatga olmay iloj yo'q, deydi u.

Iqtisodchi Emre Yigitning aytishicha, turk kompaniyalari asosan qurilish bilan shug'ullanadi.

"Kontraktlarning umumiy qiymati 10-15 milliard dollar atrofida. Hozirgi vaziyat ularga salbiy ta'sir qilyapti, iqtisodiyotga ham zarar", - deydi u.

Turkiya Eronga nisbatan ham sanksiyalar qo'llashga qarshi edi. Liviya bo'yicha o'xshash siyosati tufayli Turkiya AQSh va Yevropa Ittifoqi ishonchini yo'qotib, ularning nazaridan qolishi mumkin, deydi ba'zi kuzatuvchilar. Biroq jurnalist Idizning aytishicha, Turkiyaning Liviya bilan qalin siyosiy va iqtisodiy aloqalari muammoni hal etishda unga g'arb davlatlariga qaraganda ustunlik beradi.

"Turkiya bu davlatlar va xalqlar uchun yagona ko'prik vazifasini o'taydi. Boshqalar aytishga jur'at etolmagan so'zlarni Turkiya bu davlatlarga yaxshilab yetkaza oladi. O'ziga xos bunday munosabatlardan Turkiya unumli foydalanishi mumkin. Har holda musulmon davlat. G'arbda esa bu borada aniq reja yo'q", - deydi turk muxbiri.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi zarurat bo'lsa va iltimos tushsa, vositachilik qilishga tayyormiz deydi. Buning uchun G'arb ham siyosatini tegishli ravishda o'zgartirishi lozim, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG