1865-yil 14-aprel kuni AQSh Prezidenti Avraam Linkoln Vashingtondagi Ford teatrida otib o'ldirilgan.Linkoln Amerika davlatchiligi va tarixida muhim rol o'ynagan shaxs.
Oradan bir yarim asr o'tib ham u Amerikaning eng ardoqli yetakchilaridan biri sifatida yodga olinadi.
Qotil Jon Uilkes Bus voqea joyidan qochib ketgan, prezident esa ko'chaning narigi yuzidagi xonadonga olib kirilgan. U o'sha yerda ertasi tongda vafot etgan.
Davlat rahbarining o'limi mamlakatda qonli fuqarolar urushi davom etayotgan va allaqachon 620 mingdan ortiq askar hayoti boy berilgan og'ir bir davrda yuz bergan.
Linkolnning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri ittifoqni saqlab qolgani, deydi Kongress kutubxonasi tarixchisi Mishel Kroul.
"Qat'iysizroq yoki siyosiy jihatdan xomroq odam bo'lganda, ishlar teskari tomonga ketishi mumkin edi. Ammo u AQShni demokratiya sinovi sifatida ko'rdi va davlat asoschilari qo'yib ketgan poydevorni mustahkam tutib, bu demokratiya tajribasining yengilishiga yo'l qo'ymadi", - deydi u.
Prezident Linkoln Amerikada qullikning tugatilishiga ham hissa qo'shgan.1863-yil 1-yanvarda u chiqargan "Emansipatsiya qarori" qullar uchun ozodlik yo'lini ochib bergan.
Ittifoqchi kuchlar fuqarolar urushidagi eng muhim jangda konfederatsiya askarlarini yenggach, Linkoln o'zining tarixiy Gettisburg nutqini o'qigan.
"U Gettisburg nutqida "xalq uchun, xalq tomonidan va xalq hukumati" deb aytganda, chin dildan gapirgan. Linkoln inson huquqlarini oshirish tarafdori edi. U AQShning to'liq demokratik davlat bo'lishini, "barcha insonlar teng yaratilgan" degan asosga qurilgan Mustaqillik deklaratsiyasini ro'yobga chiqarishni istagan", - deydi tarixchi.
Xotira marosimlaridan eng kattasi Ford teatrida o'tkaziladi. Bu yerda o'sha mash'um kundan qolgan ayrim jihozlar ilk bor jamoatchilikka namoyish qilinmoqda. Ular orasida prezidentni o'ldirish uchun qotil ishlatgan pistolet ham bor.
"Bu tarixni o'zgartirib yuborgan muhim hodisa edi. Bir lahzada bizning eng buyuk prezidentlarimizdan biri yo'q qilindi", - deydi teatr vakillaridan biri.
Bu xodimning aytishicha, ko'rgazmaga Linkolnning ko'plab shaxsiy buyumlari ham qo'yilgan. Jumladan, uning mashhur shlyapasi.
"Juda go'zal, afsonaviy narsa. Hamma Avraam Linkolnni shu shlyapa bilan tasavvur qiladi. Menga yoqadigan jihati shuki, unda go'zal bir lenta bor. Linkoln 1862-yil terlamadan o'lgan o'g'li Uillini xotirlash uchun, bu yo'qotish unga juda og'ir bo'lganini eslab yurish uchun shlyapasiga shunday lenta o'rab olgan".
Prezident Linkolnning sevimli ko'zoynagi ham ko'rgazmaga qo'yilgan.
"Ko'zoynagining bandi sinib qolgan edi. U esa sim bog'lab, ishlatib yurgan. Bu narsa uning qanchalik oddiy inson bo'lganini ko'rsatadi", - deydi teatr xodimi.
Hayoti uzoq davom etmagan bo'lsa ham, Linkolnning o'zidan qoldirgan merosi asrlar osha boshqalarga o'rnak va ilhom manbai bo'lib kelmoqda.
Prezidentlar orasida eng ko'p kitob va tadqiqotlar mavzusi bo'lgan davlat arbobi ham u. Vashingtondagi Linkoln yodgorligiga har yilli millionlab odam tashrif buyuradi.
Amerikaliklar 16-prezdenti o'limining 150 yilligini xotirlar ekan, ko'pchilik uning orzusi - tenglikka asoslangan davlatda yashash mumkinligiga ishonadi.