Breaking News

Pentagon rahbarligiga nomzod "quturgan it" laqabli general


General Jeyms Mattis (o'rtada) prezidentlikka shaylanayotgan Donald Tramp va vitse-prezident bo'ladigan Mayk Pens bilan, 19-noyabr, 2016
General Jeyms Mattis (o'rtada) prezidentlikka shaylanayotgan Donald Tramp va vitse-prezident bo'ladigan Mayk Pens bilan, 19-noyabr, 2016

Prezidentlikka kirishish afarasida turgan Donald Tramp Pentagonga rahbar etib, ya’ni Mudofaa vaziri sifatida iste’fodagi general Jeyms Mattisni tanladi. U hozircha nomzod, chunki Kongressda tasdiqdan o’tishi kerak.

General Mattisning “quturgan it” degan laqabi bor. Harbiy xizmatdagi shuhrati uchun shunday tamg’alangan.

Mattis AQSh Markaziy qo’mondonligini boshqargan. NATO kuchlarining oliy qo’mondoni ham bo’lgan. Yaqin Sharq, Osiyo va Yevropa xavfsizlik masalalari bilan izchil tanish.

Afg’oniston va Iroqdagi urushlarda dushmanni qaqshatgan ko’plab amaliyotlar uning g’oyalariga asoslangan, deydi harbiylar.

“Askarlarning askari. Haqiqiy zobit. Piyoda kurashadigan. Har qanday sinovga tayyor. U bilan ilk bor Afg’onistonning Nangarhor viloyatida tanishganman. 2006-yilda. Qonli urush ketayotgan edi. U bizga kuch va ilhom bergan”, - deydi general Jon Nikolson.

Mattis nafaqat general balki olim hamdir.

“U o’z tengqurlari orasida eng ko’p o’qigan, eng ko’p biladigan, eng katta tajribaga ega mutaxassisdir”, - deydi siyosiy tahlilchi Maykl Oxanlon.

Uning nazarida Mattis omilkor va uddaburo. Ilmni amalda qo’llashni biladi. Atrofidagilarga ham shuni o’rgata oladi. Harbiy qudratning chegarasi borligini yaxshi tushunadi.

“Mattis singari zukko, janglarda pishgan, tinchlikni haqiqatda qadrlaydigan, malakasi yuqori odam Donald Tramp bilan ishlamoqchi ekani xushxabar. Tahsinga loyiq. Tramp bunday arboblarga quloq tutib, ularning maslahatiga tayanib qaror qilsa, kam bo’lmaydi”.

Lekin AQShda qonun ustuvor. Unga ko’ra, harbiy maqomdagi odam fuqaro egallashi shart bolgan Mudofaa vaziri lavozimiga tayinlana olmaydi. Harbiy odam fuqaroviy mansab uchun iste’foda kamida yetti yil o’tirishi kerak. Mattis esa uch yil oldin pensiyaga chiqqan. Pentagon boshqaruvi uchun qonunan loyiq emas. AQShda aslida har bir vazir shu talab asosida tanlanadi.

Kongress o’tmishda faqat bir marta istisno qilgan. 1950-yilda general Jorj Marshal Mudofaa vaziri uchun ma’qul deb topilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi qaltis bir davrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG