Donald Trump prezidentlikka kirishish taraddudida ekan, Oq uydagi ikki muhim lavozimga odamlar tanladi: Katlin Makfarland davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi o'rinbosari, Donald Makgan esa Oq uyda bosh advokat, yuridik maslahatchi, bo'ladi. Bu o'rinlar uchun nomzodlar Senat tasdig'idan o'tishi shart emas. Davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi etib iste'fodagi general Maykl Flin ko'rsatilgan. Uni Senat ma'qullashi kerak.
Tajriba qanchalik muhim?
Tramp firkicha Makfarland va Makgan o'z sohasining ustalari va zarur malakaga ega shaxslar.
65 yoshli Makfarland oldin uch prezident qo'lida ishlagan: Reygan, Bush va uning o'g'li Bush.
Makfarland esa telekanallardan tushmay kelayotgan tahlilchi. 2006-yilda Nyu-York shtatidan Senatga saylana olmagan.
Makgan Trumpni quvvatlab chiqqan kam sonli respublikachilardan va saylov kampaniyasida uning yaqin maslakdoshi sifatida xizmat qilgan.
Makgan, shuningdek, xususiy sektor bilan yaqindan ishlab kelayotgan advokatlardan, xususan konservativ qarashdagi biznes doiralar bilan. Bu rishtalar xolislikni talab qiluvchi lavozimda ishlashda to'sqinlik qilishi mumkin. Axborot vositalari Makganni bu borada tinimsiz savolga tutsa ajabmas.
Oq uydagi huquqshunoslar prezidentning yaqin maslahatchilaridir. Ular qonunlar, cheklovlar, vakolat doirasi, imkoniyatlar, qay lavozim kim loyiqligi va nomzodlarni tanlash jarayonida unga kundalik ravishda ko'maklashadigan mutaxassislardir.
Trampning o'zi davlat ishida umuman tajribaga ega bo'lmagan arbob. Tarixda Amerikaning biror prezidenti bu qadar past malaka bilan saylanmagan. U biznes imperiyasini bolalariga topshirgan. Biroq matbuotning tinimsiz tanqidi ostida.
Davlat kotibi
Bosh diplomat kim bo'ladi? Hozircha noma'lum.
2012-yilda prezidentlik uchun kurashib, Prezident Barak Obamaga yutqazgan Mitt Romni va Nyu-York sobiq meri Rudolf Juliani asosiy nomzodlardir.
Romni Trampni prezidentlikka butkul noloyiq odam deb chiqqan. Juliani esa Trampni boshidan quvvatlagan. Biroq u diplomatiya sohasida biror tajribaga ega emas. Romni ham oldin tashqi siyosat bilan shug'ullanmagan lekin bosiq va siyosiy uddaburoligi bilan tanilgan.
Senat bu nomzodlarni ham tasdiqlashi kerak. Markaziy Razvedka Boshqarmasi sobiq direktori Deyvid Petreus, senator Bob Korker va general Jon Kelli ham davlat kotibi lavozimi uchun tilga olinayotgan arboblardir.
So'nggi kunlarda Tramp Gretsiya, Vengriya, Shvetsiya, Panama va Sloveniya rahbarlari bilan gaplashgan.
Prezidentlikning birinchi 100 kuni
Amerikaliklar prezidentning Oq uydagi birinchi 100 kunini yaqindan kuzatadi. Tramp o'zining asosiy vazifasi ish o'rinlari yaratish va iqtisodiyotni kuchaytirish bo'lishini aytmoqda.
Xorijga arzon ish kuchi izlab chiqib ketgan sanoatlarni vatanga qaytarish, ularga imtiyozlar taklif qilib, soliqni pasaytirish birlamchi maqsadlardan, deydi Tramp.