Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi yuzlab guruhlar AQSh Prezidenti Barak Obamadan musulmon davlatlardan kelgan muhojirlarni ro'yxatga olish haqidagi dasturni butunlay yo'q qilishni so'radi. Ular Donald Tramp hokimiyatga kelgach, tizimni qayta jonlantirishi mumkinligidan xavotirda.
Obamaga jo'natilgan maktubda 198 ta tashkilot prezidentdan Milliy xavfsizlik bo'yicha kirish-chiqish registratsiya tizimini butunlay bekor qilishni so'ragan.
"Bu tizim Amerikaning tenglik va adolat kabi qadriyatlariga zid ayirmachi siyosat edi", - deyiladi maktubda.
Faollarga ko'ra, terrorizmga qarshi kurashda dastur kutilgan samarani bermagan; aksincha, muhojir jamoatlari bilan mavjud munosabatlarga zarar yetkazgan.
2001-yil 11-sentabr voqealaridan so'ng Prezident Jorj Bush davrida yo'lga qo'yilgan tartib 2011-yil Barak Obama tomonidan to'xtatilgan, ammo dastur hanuz mavjud. Donald Tramp, asosan, musulmonlarni kuzatish va ro'yxatga olish maqsadida dasturni qayta tiklash niyatida ekanini bildirgan.
Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqining qayd etishicha, dastur doirasida ro'yxatga olingan 90 ming kishi orasidan terrorga aloqador biror ish topilmagan. Nishonga olinganlarning deyarli barchasi (Shimoliy Koreyadan tashqari) musulmon o'lkalardan bo'lgan.
Dastur qayta ishga tushadimi?
Tramp jamoasining a'zosi Kris Kobak muhojirlarni ro'yxatga olish dasturini tuzishda qatnashgan. U Tramp hukumatida Ichki xavfsizlik vazirligi rahbari bo'lishi kutilmoqda.
Agar u hukumatga qo'shilsa, ayrim musulmon o'lkalardan keladigan muhojirlarni ro'yxatga olish dasturi qayta tiklanishi mumkinligi haqida taxminlar bor.
Ichki xavfsizlik vazirligi2011-yil Bush davrida qabul qilingan qarorni keraksiz deb baholab, undan davlatlar ro'yxatini chiqarib tashlagan edi. Shu bilan tizim faoliyatdan to'xtagan, ammo butunlay bekor qilinmagan. Bu esa uni qayta tiklash mumkinligini bildiradi.
"Butunlay bekor qilinmasa, u Tramp ma'muriyati uchun musulmonlarni ro'yxatga olish deb nomlangan dasturni boshlashga asos bo'ladi. Ayirmachilikka asoslangan bu tizim suiiste'mol qilinishi va begunoh odamlar nishonga olinishidan oldin yo'q qilinishi kerak", - deydi Milliy Eron-Amerika kengashi ijrochi direktori Jamol Abdi.
Norozilik kuchli
Tramp saylov kampaniyasi davrida musulmonlar va muhojirlarga qarshi keskin tanqidlarni yog'dirdi. Bu masalada uni qo'llab-quvvatlaganlar ham ko'p bo'ldi.
2015-yil dekabrda Tramp musulmonlarning mamlakatga kirishini taqiqlashga chaqirdi. Dunyo bo'ylab yuzlab million musulmonlar Amerikadan nafratlanadi, deb aytgan respublikachi nomzod bu da'vosini Pyu tadqiqot markazi hisoboti bilan asosladi. Pyu esa bunday hisobot bo'lmaganini aytdi.
Diskriminatsiyaga qarshi Amerika-Arab qo'mitasi vakili Obid Ayubning aytishicha, masjidlarni va musulmonlarni kuzatish haqida Tramp aytgan gaplar jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.
"Ma'muriyatning bunday choralariga qarshi kurashamiz. Ovozlarimizni eshitishlarini ta'minlaymiz", - deydi u.