Breaking News

Amerikaning uzoq yillik senatori, urush qahramoni Jon Makkeyn vafot etdi


Jon Makkeyn, AQSh Kongressining uzoq yillik a'zosi, xalq hurmatini qozongan davlat arbobi, ikki bor prezidentlikka harakat qilgan senator, 81 yoshida vafot etdi. 2017-yilda unga miya saratoni tashxisi qo'yilgan edi.

Prezident Donald Tramp senator oilasiga ta'ziya bildirdi.

Vyetnam urushida asirga tushib omon qolgan sobiq harbiy qonunchilik faoliyati davomida jangovar ruhi, 2008-yilda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlikni qo'lga kirita olgani va mag'rur vatanparvarligi bilan tanilgan edi.

"Erkin yurtda yashayapmiz, bu mamlakatda barcha imkoniyatlar muhayyo", - degan edi u rak diagnozi qo'yilganidan bir necha oy o'tib.

O'sha nutqida Makkeyn amaldagi Prezident Donald Trampni ham keskin tanqidga olgan:

"Muammolarni yechishga ojiz odamlar tomonidan o'ylab topilgan soxta millatchilikni pesh qilib, xalqaro sahnada yetakchilik qilish, dunyoda umid manbai bo'lib qolish majburiyatimizdan voz kechib o'tiribmiz", - degan edi senator.

Jon Makkeyn 1936-yilda admiral oilasida dunyoga kelgan. AQShning Vyetnamda olib borgan urushida uchuvchi bo'lgan. 1967-yilda uning samolyoti Shimoliy Vyetnamda urib tushiriladi va Makkeyn 5,5 yil qamoqda o'tiradi. Qiynoqlardan tirik qolib, vataniga qahramon sifatida qaytadi.

Oradan o'nlab yil o'tib, respublikachi senator Vyetnamga tashrif buyurgan, Vashington va Xanoy o'rtasida aloqalarni tiklash tashabbusini olg'a surgan.

"Qamoqda meni tahqirlagan ayrim shaxslar bor, ularni hech qachon ko'rishni istamayman. Lekin Vyetnam xalqi haqidagi fikrim o'zgarmaydi, ular ajoyib va bizga do'st. Bir-birimizga kerakmiz".

2001-yil 11-sentabr terror xurujlari ketidan Makkeyn Afg'oniston va Iroqdagi urushlarni quvvatlab, terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni qiynoqqa solish siyosatini qoralagan.

2008-yilgi prezidentlik saylovida Barak Obamaga yutqazgan Makkeyn Senatga qaytib, Qurolli kuchlar qo'mitasiga raisligini davom ettiradi. AQSh global yetakchilikdan chekinmasligi kerak, der edi u.

2016-yilgi saylov kampaniyasida Donald Tramp Makkeynning qahramon ekanini savolga tutganida, senator unga javob bermagan.

"U asirga tushgani uchun qahramon. Xunuk bo'lsa ham sizga aytay: menga asirga tushmaganlar yoqadi", - degan edi Tramp.

Makkeyn Trampning siyosati va boshqaruv uslubini, Vashingtondagi siyosiy tarafkashlikni tanqid qilib kelar edi. U Barak Obama davrida qabul qilingan va Tramp bekor qilishni taklif etgan sug'urta dasturiga qarshi ovoz berishdan bosh tortgan.

Prezident Donald Tramp qatorida Germaniya, Fransiya, Kanada, Hindiston va Afg'oniston rahbarlari Makkeyning oilasiga ta'ziya bildirdi. Dafn marosimida sobiq prezidentlar Barak Obama va Jorj Bush so'zlashi kutilmoqda. Makkeyn oilasi a'zolaridan Trampni marosimga taklif etmaslikni so'ragani haqida yil boshida xabarlar chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG