Bugun Amerikaning shimoliy shtati Michiganda respublikachilar prezidentlikka da'vogarlarni elakdan o'tkazdi.
Shtatma-shtat poygada oldinda ketayotgan Mitt Romni (Mitt Romney) Michigandan chiqqan. Otasi Jorj Romni shtat gubernatori bo'lgan.
Lekin bu yer ahli uchun Mitt Romni bugun ancha begona siyosatchi, chunki u Massachussetts shtatiga gubernatorlik qilgan. "Romni Michiganni ona yurtim demasin" degan plakatlar ko'targan amerikaliklarni ko'rasiz.
Shunga qaramay bugungi saralash jarayonida Romni g'alaba qozondi.Uning asosiy raqibi - Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum (Rick Santorum). Kolorado, Minnesota va Missuri shtatlaridagi saralash jarayonida Santorum g'olib chiqib, keyingi paytda uning reytingi anchya yuqoriladi. Lekin umumiy hisobda hamon Romni yetakchilik qilmoqda.
Bugun Arizona shtatida ham partiyaviy saylovlar o'tdi. Aksariyat respublikachilar Mitt Romni uchun ovoz bergan.
Prezidentlikka nomzodlik uchun kurashayotgan yana ikki arbob - Texasdan kongressmen Ron Pol (Ron Paul) va Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich (Newt Gingrich) - hali-beri poygadan chiqmasligini aytmoqda. Gingrich ona shtati Jorjiyada, Pol esa Virjiniyada targ'ibot bilan band.Prezidentlik uchun kurashni iqtisodiyot belgilasa, ajabmas. Ko'pchilik amerikaliklar Oq Uyga saylanadigan shaxs ishsizlikka barham berib, tirikchilikni osonlashtirishi kerak deydi.
Chet eldagi urushlar va xavfsizlik - ikkinchi o'rindagi masala. Lekin yuzma-yuz debatlarda va saylovchilar bilan uchrashuvlarda da'vogarlar iqtisodiy dasturlari qatorida tashqi siyosatdagi maqsadlarini ham tushuntirmoqda.
Kelasi seshanba, 6-mart kuni, bu da'vogarlar uchun 10 shtat birvarakayiga ovoz beradi.
Saylovoldi manzara: