Breaking News

Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar yana bir teledebatda bellashdi


Arizonada o'tgan debatdan, 22-fevral, 2012-yil
Arizonada o'tgan debatdan, 22-fevral, 2012-yil

AQShda prezidentlikka da'vogar respublikachilar noyabrdagi asosiy saylovda partiyasidan yagona nomzod bo'lish uchun kampaniyaga zo'r bermoqda. Kecha to'rt arbob Arizonada kechgan teledebatda bellashdi.

Sobiq senator Rik Santorum va sobiq gubernator Mitt Romni hozircha oldinda. Kelasi bir necha kun ichida qator shtatlarda ichkipartiyaviy saylovlar bu ikki arbob uchun hal qiluvchi bo'ladi. Santorum ham, Romni ham davlatning inqirozga uchragan moliyaviy muassasalar va avtosanoatga yordam paketi berishiga qarshi ekani bildirdi.

"Ayrim odamlar fikrimga qo'shilmas, ammo davlat aralashuvi bu sohadagi kompaniyalar siyosatiga ta'sir qilishi mumkin. Bozor iqtisodiyoti sharoitida eng to'g'ri yo'l muammo yechimini bozorning o'ziga qo'yib berish", - deydi Santorum.

Romnining aytishicha, tartibli bankrotlik tabiiy hol va bu kompaniyalar ana shu jarayondan o'tishi kerak edi.

"Ularni o'z holiga tashlab qo'yish zarur edi. Shundagina ular ortiqcha xarajatlardan qutulib, rahbariyatni yangilab, davlat kafolati bilan yangidan oyoqqa turgan bo'lar edi", - deydi u.

Poygada ishtirok etayotgan yana bir arbob, Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich prezident Barak Obamaning tashqi siyosatini xavfli deya tanqid qildi. Texaslik kongressmen Ron Pol esa Suriyadagi vaziyatga aralashmaslikka chaqirdi.

Kelasi hafta respublikachi da'vogarlar Arizona va Michigandagi saylovlarda bellashadi. Ammo eng yirik saylov 6-mart kuni kutilyapti. "Super seshanba" nomini olgan bu kuni 10 shtatda respublikachilar ovoz beradi. Ana shundan so'ng prezident saylovlarida partiyadan yagona nomzod kim bo'lishi aniqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG