Breaking News

AQShda respublikachi da'vogarlar "super seshanba"ga tayyorlanmoqda


Massachusets sobiq gubernatori Mit Romni Vashington shtatida saylovchilar bilan uchrashmoqda, 2-mart, 2012-yil
Massachusets sobiq gubernatori Mit Romni Vashington shtatida saylovchilar bilan uchrashmoqda, 2-mart, 2012-yil

AQShda respublikachi da'vogarlar uchun saylov kampaniyasi qizib bormoqda. Seshanba ayrimlari uchun hal qiluvchi kun bo'lishi mumkin. Birvarakayiga 10 shtatda saylovlar o'tkaziladi. Shundan so'ng kimdir yakka peshqadamga aylanishi, kimdir esa poygadan chiqishi mumkin.

Hozircha kampaniya asosan ikki arbob o'rtasida kechmoqda - Massachusets sobiq gubernatori Mit Romni va sobiq senator Rik Santorum. "Super seshanba" nomini olgan kun ahamiyati nimadan iborat?

Demokratlardan prezidentlikka nomzod ma'lum ekan, respublikachilar o'tgan yil oxiridan beri Barak Obamani mag'lub eta oladigan arbobni aniqlashga harakat qilmoqda. Partiya a'zolari orasida o'tkazilayotgan saralash jarayonida shu kungacha to'rt da'vogar qolgan. seshanba kuni 10 shtatda saylovlar bo'ladi. Yagona nomzod taqdiri shundan so'ng aniqlanishi ehtimoli yaqinroq.

O'tgan hafta uch shtatda o'tkazilgan saylovlarning barchasida g'alaba qozongan Mitt Romni seshanba kuni mavqeini mustahkamlashga umid qilmoqda.

"Poygada ishtirokimdan maqsad - Amerikaga yorqin kelajak, farovonlik, erkinlik va buyuklikni qaytarish", - deydi Romni.

Da'vogar gubernatorlik qilgan Massachusetsda ham seshanba kuni saylovlar. Romni ushbu shtat hamda Vermont va Virjiniyada ham yaxshi natija ko'rsatishi mumkin. Ammo sobiq senator Rik Santorum mavqei kuchliroq shtatlarda Romniga oson bo'lmaydi. Tenessi, Oklaxoma va Ogayo shtatlarida o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Santorum Romnidan bir oz ko'p ovoz olishi mumkin.

Respublikachilar partiyasi demokratlarga qaraganda konservativroq ekan, respublikachi da'vogarlar ana shu xislatda bir-biri bilan bellashmoqda.

"Saylovda g'alaba qozonish uchun yaxshiroq g'oyalar kerak. Respublikachilarni ilhomlantiruvchi g'oyalar. Amerikaga xos asl maslaklar haqida tabiiy gapirish va ularni targ'ib qilish uchun iroda kerak", - deydi Santorum.

Da'vogarlardan yana biri Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich. Siyosiy marafonni yaxshi boshlagan Gingrichning yulduzi so'nggi paytda so'ngan ko'rinadi. Seshanba kuni u o'zi yashayotgan Jorjiyada ham yuta olmasligi mumkin. Bu shtatda o'tkazilgan so'rov natijalari g'olibi Santorumdir.

Texas shtatidan saylangan kongressmen Ron Pol hali biror shtatda g'alaba nashidasini surganicha yo'q. seshanba kuni Aydaxo, Alyaska va Shimoliy Dakota kabi kichikroq shtatlarda omadini sinab ko'radi.

Siyosiy strateg Mettyu Daudning aytishicha, "Super seshanba" Romniga yakka peshqadamlikni qo'lga kiritish uchun yaxshi imkoniyat.

"Konservativ saylovchilar ovozlarini olmasa bo'lmaydi. O'tgan haftadagi yutuqlariga qo'shimcha ravishda yana bir necha shtatda qo'li baland kelsa, ketma-ket g'alabalar pozitsiyasini kuchaytiradi. Romni partiyani jipslashtira olishi zarur", - deydi Daud.

Romni va Santorum saylov kampaniyasida asosan iqtisodiyotga urg'u bermoqda.

Vashingtondagi Amerika universiteti tahlilchisi Jennifer Lolessning aytishicha, iqtisodiy tanazzuldan ko'proq zarar ko'rgan Ogayoda saylovchilar da'vogarning iqtisodiy dasturiga e'tibor berishi tabiiy.

Har bir shtatdagi g'alaba da'vogarga ma'lum miqdorda ochko beradi. Bu har bir shtatning Vakillar Palatasi va Senatdagi qonunchilari yig'indisiga teng. Ular delegatlar deb ataladi. Ichkipartiyaviy saylovda g'alaba qozongan respublikachi da'vogar hisobiga o'sha shtatdagi delegatlar soni yoziladi. Kamida 1144 delegat to'plagan da'vogar asosiy saylovlarda partiyadan yagona nomzod bo'ladi.

"Super seshanba"da 10 shtatdan jami 419 delegat uchun kurash kechadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG