Breaking News

Florida shtatida Mitt Romni g'alaba qozondi


Florida shtatidagi saylov natijalari
Florida shtatidagi saylov natijalari

31-yanvar kuni Florida shtati respublikachilari prezidentlikka da'vogarlar uchun ovoz berdi.

Massachussets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni 46 foiz ovoz bilan g’olib. Ikkinchi o’rinda Vakillar palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich. Uni shtat respublikachilarining 32 foizi qo’llab-quvvatlagan.

Romni o’z nutqlarida asosan prezident Barak Obamani nishonga olmoqda. AQShni iqtisodiy tanazzuldan chiqara olmayapti u, deydi da’vogar.

Romni sog’liqni saqlash sohasini isloh qilib, byudjetni tartibga solishga va davlatni iqtisodiy farovonlik sari boshlashga va’da bermoqda. U safdosh respublikachilarni butun e’tiborni Obamani mag’lub etishga qaratishga da’vat etmoqda.

“Gap faqat prezidentni yangilashda emas. Amerika o’zligini saqlab qolishi kerak. Obama va men Amerikani butunlay boshqacha tasavvur qilamiz. Obama hukumatni kattalashtirib, byudjet kamomadini oshirish bilan ovora. Men esa beso’naqay hukumatni tozalab, davlat xarajatlarini kesaman. Soliqlarni oshirish orqali AQSh byudjetini qutqaraman”, - deydi Mitt Romni.

Mitt Romni
Mitt Romni

“Og’iz ko’pirtirib va’dalar beradigan rahbar kerak bo’lsa, ana, Barak Obamani tanlang”, - dedi Romni. “Agar Amerikani oyoqqa turg’azish, nomini oqlashni istasangiz, mana men tayyor”, - deydi u.

Bundan bir hafta oldin Janubiy Karolinada Nyut Gingrich Romnini ortda qoldirgan edi. Biroq sobiq spikerga qarshi qaratilgan siyosiy reklama va debatlarda so’zamollik Romniga bu safar yordam berdi.

Gingrich saylov ketidan so'zlar ekan, taslim bo’lmasligini aytdi.

Floridadagi poygada sobiq senator Rik Santorum uchinchi, Texas shtatidan qonunchi Ron Pol to’rtinchi bo’ldi.

Bu da'vogarlar ortda ketayotganiga qaramay poygadan chiqmoqchi emas.

Respublikachilar uchun shtatma-shtat saylovlar 3-yanvarda boshlangan.

Florida - da'vogarlarni saralagan to’rtinchi shtat. Ayova shtatida Rik Santorum, Nyu-Gempshirda Mitt Romni, Janubiy Karolinada esa Nyut Gingrich g'olib chiqqan edi.

Eng ko'p ovoz olgan arbob noyabrda bo'ladigan asosiy saylovlarda amaldagi rahbar, demokrat Barak Obama bilan bellashadi.

Florida shtatidagi manzara:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG