Breaking News

Kongress, konstitutsiya va bugungi siyosiy tarqoqlik


Kongress, konstitutsiya va bugungi siyosiy tarqoqlik
Kongress, konstitutsiya va bugungi siyosiy tarqoqlik

Ko'plab amerikaliklar Oq Uy va Kongress orasidagi tortishuvlardan bezigan. Prezident va qonunchilar ayniqsa moliyaviy-iqtisodiy masalalarda kelisha olmayapti. Siyosatshunoslar nazarida esa bu bahsu-munozaralar tabiiy demokratik jarayonlar. Erkin yurt asoschilari uch asr oldin yozgan va hamon kuchda qolayotgan konstitutsiya aynan shuni taqozo etadi.

Murosa. Aksariyat amerikaliklar Kongress a’zolaridan huddi shuni kutmoqda.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolar deydiki:

“Murosa – yomon so’z emas. Aksincha, ishni yurgizadigan ana shu!”.

“Kurashib-tortishishni tugatishsin. Xalqni o’ylab sal qayishsin-da bu odamlar”.

“Murosa. Hayot qonunlaridan biri-ku axir!”

Kongress, konstitutsiya va bugungi siyosiy tarqoqlik
Kongress, konstitutsiya va bugungi siyosiy tarqoqlik

Aholi murosa, deb nola qilsa-da, o’zi gapga ko’nadigan arboblar o’rniga qarashlari keskin siyosatchilarni tanlashni kanda qilmaydi.

Natijada Kongress teskari demokratu respublikachiga to’la.

Qizig’i, qonunchilarni tepsa tebranmas deb koyigan fuqaro hukumat bitta partiya qo’lida bo’lishini istamaydi. Bunday shohona muhitda rosa to’rt yil ishlagan so’nggi prezident Jimmi Karter bo’lgan.

Qonun loyihasi tasdiqlanishi uchun Kongressning har ikki qismi – Vakillar palatasi va Senat roziligi kerak. Hujjatni Senatning beshdan uch qismi yoqlashi kerak, lekin ozchilik veto huquqiga ega, ya’ni loyihani rad etishi mumkin. Xo’sh, buning nimasi yomon? Konstitusiyada shunday yozilgan, hukumat haddidan oshib ketmasligi uchun, deydi mutaxassislar. Shunday ekan, xalq bahs, tortishuvni qabul qilib, ko’nikib yashashi kerak.

“Hukumatdagilar kelisha olmayotgani uchun uni samarasiz deyishapti. Biroq bosh qomusni yozgan ota-bobolarimiz maqsadi ham shu edi, kuch bor joyda unga qarshi kuch borligini ta’minlash uchun qildik buni degan bo’lishardi”, - deydi Oliy sud a'zosi Antonin Skalia.

Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner va demokratlar sardori Nensi Pelosi
Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner va demokratlar sardori Nensi Pelosi

Tarixchi Allan Lixtmanning tushuntirishicha, tartibga, qolipga solingan hukumat va samarasiz, to’xtab qolgan hukumat o’rtasida farq bor.

“Agarda odamlar hukumatimiz zamon talablariga javob berolmayapti, deb hisoblasa, bu xavfli. Rahbarlarga bo’lgan ishonchning yo’qolishi bir muammo bo’lsa, eng yaxshi, malakali kadrlar hukumat lavozimlarida ishlagisi kelmay qolishi boshqa bir muammo. Yana bir salbiy asorat – mamlakat yuz tutayotgan jiddiy muammolar hal etilmay qoladi”,- deydi professor.

Konstitusiya bir taraf hammani ezib, batamom ustun kelishiga yo’l qo’ymaydi. Ya’ni siyosatchilar konsensus va kompromis asosida qonunlar qabul qilishi kerak. Oddiy odamlarning xohishi ham shu. Lekin hukumat fuqaroga quloq solayaptimi?

“Vashingtonda ko’plab qonunchilar diydiyo qilganini eshitasiz. Hamma bizdan norozi, obro’mizga putur yetdi, bizga ishonmay qo’yishdi, deb arz qiladi ular. Zora, endi nimaga shunday bo’ldi, deb o’ziga savol berib qolsa. Amerika xalqi murosa kutmoqda”, - deydi "Gallup" so'rovlar markazi xodimi Frenk Nyuport.

Kongress a’zolari birgalikda ishlash haqida gapirishni biladi.

“Birga ishlaylik. Amerika xalqi manfaati yo’lida fikrni bir joyga qo’yib, kelishib ishlaylik, birodarlar”, - deydi respublikachi, Vakillar palatasi spikeri Jon Beyner.

Demokratlar sardori Nensi Pelosi:

“Demokratlar, respublikachilar, mustaqil vakillar – hammasining og’zida bir gap. Yonma-yon ishlaylik, deydi ular”.

Biroq saylov yilida, Oq Uy uchun kurash avj olgan bir pallada murosaga erishish ayniqsa qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG