Breaking News

AQShda Kongressga ishonch har qachongidan ham past


AQShda Kongressga ishonch har qachongidan ham past
AQShda Kongressga ishonch har qachongidan ham past

AQSh Kongressi reytingi misli ko’rilmagan darajada past. So’rovlarga ko’ra, amerikaliklarning bor-yo’g’i 11 foizi Kongress ishini ijobiy baholar ekan. Xalq qonunchilarga nega ishonmay qo’ydi?

O’tgan bir yil davomida Kongress federal byudjet ustida talashdi.

“Yosh bolalardek bir-biri bilan urishgani-urishgan, hech narsaning uddasidan chiqolmayapti”, - deya tanqid qiladi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan fuqarolardan biri.

Respublikachi va demokratlar talashib-tortishdi, ziddiyatda bir-birini aybladi.

“Vakillar Palatasi vazifasini bilib bajardi. Endi demokratlar, Oq uy ishga kirishishi kerak. Qani, boshlanglar endi!” - deya da'vat etdi spiker, respublikachi Jon Boner.

Jon Beyner, AQSh Vakillar Palatasi spikeri
Jon Beyner, AQSh Vakillar Palatasi spikeri

Prezident Barak Obama Kongressni mamlakatni yangi inqiroz tomon sudrayotganlikda aybladi:

“Tomonlar kelishib ishlay boshlashi uchun iqtisodiy falokat, defolt ro’y berishi shart emas-ku, axir”.

2010-yilda 258 qonun qabul qilgan Kongress o’tgan yilda 80 hujjatni bazo’r o’tkaza oldi.

Aksariyat fuqarolar norozi.

“Menimcha, ular nima qilayotganini bilmayapti. Men ulardek ishlasam, ishdan allaqachon haydalgan bo’lardim”,- deydi bir amerikalik.

“Samarasiz, man-man odamlar, xalqni o’ylamaydi, Amerika manfaatlari demaydi ular!”,- deydi yana biri.

Siyosiy tahlilchilar aholi orasida norozilik hissi tobora kuchaymoqda, deydi.

“Kongress a’zolarining reytingi boshqa barcha kasb egalarining reytingidan past. Biz o’tkazgan so’rovlarga ko’ra, odamlar hatto sotuvchilarga ko’proq ishonadi. Rostgo’ylik bobida avtomobil sotuvchilari doim past baho olib kelgan. Endi esa qonunchilar”, - deydi "Gallup" so'rovlar markazi xodimi Frenk Nyuport.

Barak Obama AQSh Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar bilan kelisha olmayapti
Barak Obama AQSh Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar bilan kelisha olmayapti

Tahlilchi Allan Lixtman nazarida ashaddiy tarafkashlik Kongressga tinchlik bermayapti.

“Mafkurasi, ustuvor g’oyalari har xil, aniqrog’i tubdan farqli ekani bois yillar davomida bahs qilib kelayotgan ikki partiyamiz bor. Respulikachi va demokratlar biror masalada til topishishi juda qiyin. Ular murosani bilmaydi”.

Kongress bilan qiyoslaganda prezident Barak Obamaning reytingi yomonmas. Rahbarni 46 foiz aholi yoqlamoqda.

Lekin bugun uning ham tashvishi boshidan oshgan, deydi “Gallup” so’rovlar markazi xodimi Frenk Nyuport.

“Biz yaqinda yangi so’rov o’tkazdik. Odamlardan “Vashingtonda kimga ko’proq ishonasiz, Obamagami, respublikachilargami?”, deb so’radik. Prezident Obama reyting bobida ozgina oldinda, xolos”.

Noyabr oyida prezident saylovlari o’tar ekan, Amerika ahli alamini olishi, nomaqbul arboblardan qutulib, munosib deb bilganlarini tanlashi mumkin bo’ladi. Bundaylari topilsa, bo’lgani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG