AQSh jahondagi eng katta byudjetga ega – 2013-yil uchun 3,8 trillion dollar mo'ljallangan. Daromad 2,9 trillion dollar bo'lishi kutilmoqda. Bu degani, kamomad 901 milliardga teng bo'ladi.
Prezident Barak Obama boylarga kattaroq soliq solib, hukumat xarjini kamaytirish va shu tariqa zil-zambil kamomadni qisqartirish rejasi bilan chiqdi.
Muxolif respublikachilar demokrat prezident taklifini quruq safsata deb Kongressdan o’tkazmoqchi emas.
Tahlilchilar nazarida Obama buni biladi va loyiha noyabrdagi prezident saylovlaridan oldin bir reklamadir.
Amerika xarajatni imkon qadar kesib, favqulodda tejamkorlikka o’tar ekan, prezident Obama xalq ruhini ko’tarishga urinmoqda, umidsizlanmang, deydi u:
“Moliyaviy o’sish sari jon-jahdimiz bilan intilishimiz lozim. Muhim vazifa bugun 1 trilliondan oshib turgan kamomadni ozaytirishdir. Kongress byudjetni ma’qullasa, ortiqcha sarfiyatdan qutulib, 2022-yilgacha defitsitni 4 trillion dollarga kesamiz. Daromad xarajatdan oshishiga erishamiz”.
Prezident 2013-yilgi byudjet doirasida infratuzilma va ta’limga ko’proq pul ajratib, mudofaa va boshqa xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirmoqchi. Asosiy urg’u Iroqda harbiy amaliyotni tugatib, Afg’onistondagi missiyani ixchamroq, qisqaroq qilishga beriladi.
Barak Obama bular zarur choralar, lekin ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilishi darkor, deydi:
“Iqtisodiy o’sishga erishish uchun boshqa dasturlarni yanchib tashlash to’g’ri emas. Hozirgi sharoitda ortiqchalik qilgan xarajatlardan qutulaylik deyman. Toki hamma yurt og’irini birday ko’tarsin deyman”.
Biroq demokrat rahbar olg’a surayotgan istaklar amalga oshishi mushkul, chunki muxolif qonunchilar ro’yxatni bandma-band puchga chiqarishi aniq.
Kongress Vakillar palatasida ko’pchilikni tashkil etgan respublikachilar spikeri Jon Beyner prezident Obamani ko’zbo’yamachilikda, iqtisodni barbod qiladigan soliqlarni joriy etayotganlikda aybladi.
Senatdagi respublikachilar ham shu. Senator Jon Barraso aniq raqamlarni misol qilib keltiradi:
“Prezident kelasi 10 yilda kamomadni 4 trillion dollarga qisqartira olaman deb Amerika xalqiga ertak aytayapti. Aslida yaqin 10-12 yilda yelkamizga yana 11 trillion dollar ortmoqchi”.
Iltimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Amerikada aksariyat fuqarolar boylardan ko’proq soliq olish tarafdori. Ular, umuman olganda, davlat xarajatlarini ham kamaytirishga rozi, lekin o’zlari ishlayotgan dasturlarni emas.
Vashingtonda fuqarodan mana bunday shikoyatlar eshitasiz:
“Odamlarni boqayotgan idoralar, programmalar ketmasin-da ishqilib. Ana, mudofaa sohasida ortiqcha pul ko’p”.
“Infratuzilma – maktab, kasalxona, yo’llar va hokazolar juda moliyaga muhtoj. Urushlar tugasin-da, pulni yemiradigan bu baloga yo’liqmaylik”.
Kongressdagi respublikachilar byudjet yuzasidan o’z taklifi bilan chiqmoqhi. Oxirgi yillarda ikki partiya yurt g’aznasini nimalarga ishlatish haqida kelisha olmayapti. Respublikachilar hukumatni kichraytirish kerak deb turib olgan. Demokratlar fikricha esa bu asossiz talab.