Breaking News

Saylov-2012: Janubiy Karolina shtatida Nyut Gingrich g'olib chiqdi


Saylov-2012: Janubiy Karolina shtatida Nyut Gingrich g'olib chiqdi
Saylov-2012: Janubiy Karolina shtatida Nyut Gingrich g'olib chiqdi

Amerikada prezidentlikka da’vogarlarni saralash jarayoni davom etar ekan, bugun Janubiy Karolina shtati respublikachilari ovoz berdi.

Da’vogarlar – Mitt Romni, Nyut Gingrich, Rik Santorum va Ron Pol.

Massachussetts shtati sobiq gubernatori, multimillioner Romni mamlakat bo'ylab reytinglarda oldinda. Lekin shu kungacha shtatma-shtat o’tgan partiyaviy saylovlarning faqat birida g'olib chiqdi - Nyu-Gempshir shtatida. Ayova shtati Rik Santorum tanladi.

Romnining asosiy raqibi Gingrich bo'lib, u - Vakillar Palatasi sobiq spikeri, Janubiy Karolinada katta nufuzga ega, qo’shni Jorjiya shtatidan chiqqan siyosatchi.

Bugun Janubiy Karolina shtatida kechgan partiyaviy saylovda ko'pchilik Gingrichga ovoz bergan. O'tgan ikki debatda ham omma asosan uni olqishlagan edi.

Gingrich Romnining Respublikachilar partiyasi olg'a surgan g'oyalarga, uning haqiqiy konservator ekaniga ishonmaydi.

“Romni shimoldan chiqqan boyvuchcha, oddiy xalq nimani xohlashini bilmaydi”,- deydi u, saylovchilar bilan uchrashuvida.

Gingrich poygaga qo'shilibdiki, AQShga konservativ rahbar kerak deya uqtirib kelmoqda.

"Men dunyoda sizdan boshqa hech kimga bosh egmaydigan, Amerikani jahondagi eng qudratli davlat sifatida mustahkamlaydigan prezident bo'laman",- deydi u.

Nyut Gingrich rafiqasi Kallista bilan
Nyut Gingrich rafiqasi Kallista bilan

Lekin Gingrichning o’zi ham qattiq bosim ostida. Kongressda xizmat qilayotganida qoidalarni buzganlikda ayblanib, ko’p marta tekshirilgan.

Shuningdek, xalq uning shaxsiy hayoti bilan bog’liq mashmashalarni ham unutmagan. 33 yildan beri siyosiy sahnadan tushmay kelayotgan Gingrich uch marta uylangan. Birinchi xotini rak bilan olishayotgan paytida uni tashlab ketgani, ikkinchisini esa siyosiy maqsadlarda qo'llab, ma’shuqalari bilan aysh-ishrat qilgani haqidagi ma’lumotlar yana muhokamada.

Gingrich bular muhim masalalar emas deydi, ammo har safar omma oldiga chiqqanida bu borada savolga tutilmoqda. Respublikachilar oila har narsadan muqaddas deb hisoblaydi.

Gingrichning oilali bo'lar turib, boshqa ayollar bilan don olishgani, hozirgi xotini Kallista yillar davomida "o'ynash" bo'lgani ko'plab amerikaliklar nazarida ahloqsizlik va aynan shu bois ham uning prezidentlik da'vosi rad etilishi kerak.

Texas shtatidan chiqqan qonunchi Ron Pol va Pensilvaniyadan sobiq senator Rik Santorum ham Romni va Gingrich qatori iqtisodni yaxshilash, ishsizlikni yengish va davlat xavfsizligini ta’minlash bobida o’z dasturlarini targ’ib qilmoqda.

Kelasi saylov Florida shtatida 31-yanvar kuniga belgilangan. Respublikachilar saralash jarayoni yozgacha davom etadi deya taxmin qilmoqda. Yoz oxiriga borib, partiya yagona nomzod bilan chiqadi. Demokratlardan nomzod - amaldagi rahbar Barak Obama. Saylov 6-noyabrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG