Breaking News

Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon


Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon
Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon

Amerikada siyosiy maydon hamma uchun ochiq, lekin nomzod sifatida tanlanish uzoq, murakkab va qimmat bir jarayon. Prezidentlik uchun kurash masalan saylovdan deyarli ikki yil oldin boshlanadi, chunki da’vogarlarning partiyaviy saylovlar orqali saralanishi uchun bir necha oy vaqt kerak.

Yozning oxiriga borib, Demokratik va Respublikachilar partiyasi o’z nomzodlarini e’lon qiladi. Demokratlarniki hozirdan aniq – amaldagi prezident Barak Obama. Respublikachilar esa shtatma-shtat yig’inlarda da’vogarlarni elakdan o’tkazmoqda.

Reytinlarda Mitt Romni oldinda
Reytinlarda Mitt Romni oldinda

Poyga va saylovda Amerikaning har bir shtati muhim rol o’ynaydi. Masalan, Nyu-Gempshir mittigina bir joy, aholisi ham katta emas, lekin partiyaviy tanlovda o’ziga xos o’ringa ega.

Ovoz berish uchun bu yerda biror partiya a’zosi bo’lishingiz shart emas.

Da’vogarlar orasidan kim sizga yoqsa, saralash paytida buni ayon etasiz. Partiyalarga baribir. Boshqa shtatlarda bunday emas.

“Bu saylovlar da’vogarlarni xalqqa birma-bir tanishtirib, odamlarga tanlash imkoniyatini beradi",- deydi Kandis Nelson, bu jarayon bo'yicha yetakchi ekspert.

"Fuqaro da’vogarni chig’iriqdan o’tkazadi. Uch-to’rt oy mobaynida da’vogar ham omma ko’ngliga yo’l izlaydi”,- deydi u.

Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon
Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon

Bu degani prezident bo’laman degan odam shaharma-shahar, qishloqma-qishloq yurib, jamoatchilik bilan uchrashadi, muloqot qiladi. Ma’ruzalar va chiqishlar, savol-javoblar. Da'vogar o’z siyosiy platformasini tushuntiradi. Axborot vositalari diqqat markazida bo’ladi. Har tomonlama tahlildan o’tadi. Da’vogar bir mahsulotdek, o’ziga xaridor izlaydi.

“Bu bir bozordek gap. Da’vogarlar rastaga chiqib, meni oling, meni oling deb baqirayotgandek. Ular bizga o’zini sotishga urinadi. Kim bozorda o’tsa, marra uniki, keyin boshqa shtatga boradi", - deya tushuntiradi Steffen Shmit, siyosatshunos.

Da'vogar va uning g’oyalari – mahsulot, saylovchi esa xaridor. Tadbirlarga odamlar faqat siyosatchini ko’rish uchun emas, uni savolga tutish uchun ham boradi. Poygani qiziqatadigan narsa bu da’vogarning har bir so’zi.

Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon
Prezidentlikka nomzod tanlash - uzoq va murakkab jarayon

“Ko’plab odamlar boradi bu yig’inlarga. Hammayoq gavjum", - deydi kampaniyani yoritib kelayotgan sharhlovchi Kim Fil Elliot.

"Da’vogar bilan gaplashib, unga savol beraman deb soatlab kutishadi. Yaxshi, jiddiy savollar”,- deydi u.

Oldinlari partiyaviy va mahalliy saylovlar o’tib, bir nomzod tanlangunicha juda uzoq vaqt ketar edi. Bugun bu jarayon ancha qisqargan. Chunki shtatlar tezroq bir qarorga kelib, prezidentlik kampaniyasini yanada qizitib yuborishni istaydi. Shtatlar bir kunda ovoz berishi kerak deydiganlar ko’p. Lekin har bir shtatning o’z erkinligi va talablari bor. Ular bir-birini bir qolipda ko’rmaydi. Da’vogalarni alohida ko’rib chiqishni istaydi. Partiyalar bunga bosh egishga majbur.

Rik Santorum saylovchilar bilan
Rik Santorum saylovchilar bilan

“Nomzodni mamlakat miqyosida bir kunda tanlasak, bu oson albatta. Hamma bir kunda ovoz beradi, yo ma’qullanasiz, yo chetga surilasiz. G’ala-g’ovur kamroq bo’ladi",- deydi siyosiy tahlilchi Mark Rom.

"Lekin bunda eng mashhur va ko’p pulli da’vogarning qo’li baland kelishi mumkin. Uncha tanish bo’lmagan da’vogar xalqqa o’zini namoyon eta olishga ulgurmaydi. Saylovchi prezident bo’laman degan odam bilan tanisholmaydi”,- deydi Rom.

Respublikachi nomzod Ron Pol kameralar oldida
Respublikachi nomzod Ron Pol kameralar oldida

Partiyalar va ulardan chiqqan da’vogarlar uchun har bir daqiqa g’animat.

Shtatma-shtat alohida saylovlar ularga o’z mavqeini oshirish, platformani targ’ib qilish, mablag’ jamg’arish va jamoatchilik bilan ishlash uchun bebaho imkoniyat.

Oxir oqibat kim eng ko’p ovoz olsa, o’sha yagona nomzod sifatida maydonga chiqadi va raqib partiya vakili bilan bellashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG