3-yanvar kuni Ayova shtatida bo’lib o’tadigan yig'inda ko'pchilik ovozni olib, g’alaba qozonishga shay turgan respublikachi da’vogarlar tarafdorlarni jalb etish kampaniyasini boshlab yubordi.
Shtat bo'ylab restoranlaru do’konlarda siyosiy reklama avjida. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, ular oldida ma'ruzalar.
Massachussetts shtatining sobiq gubernatori Mitt Romnini Nyu-Jersi shtati gubernatori, ko’plab tarafdorlarga ega Kris Kristi qo’llab-quvvatladi.
So’nggi so’rovlarga ko’ra, Romni reytinglarda birinchi – unga Ayova yig'inida qatnashish istagida yurganlarning 23 foizi ovoz bergan. Undan keyin texaslik kongressmen Ron Pol 21 foiz bilan.
Mitt Romni safdoshlari singari prezident Barak Obamani tez-tez nishonga oladi. "Iqtisodda yangi yo’nalishni tanlashi kerak", - deydi u.
Kris Kristining obro’si Nyu-Jersi shtati, qolaversa Amerikaning boshqa joylarida ham baland. Shu bois uning gaplari katta ahamiyatga ega. Bundan bir-ikki oy oldin Kristining o’zi prezidentlikka da’vogarlik qilishga loyiq, g’alaba qozona oladi, deganlar ko’p edi.
Yana bir respublikachi da’vogar Rik Santorum Ayova ahli unga yon bosishiga ishonch bildiryapti. So’nggi haftalarda uning reytingi yana oshib, 15 foizga yetdi.
So'rovlarga qaraganda, Vakillar palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrich Ayovada kamroq ovoz olishi mumkin. Bunga javoban u nomzod bir shtat emas, balki 50 tasida tanlanishi va imkoniyatli katta ekanini ta’kidladi.
AQShda prezidentlik saylovlari 2012-yilning 6-noyabrida bo'lib o'tadi. 50 ta shtatda bo'lib o'tadigan yig'inlarda (kokus) respublikachilar partiyasidan yagona nomzod tanlanadi va u amaldagi prezident Barak Obama bilan bellashadi.