Breaking News

Nyu-Gempshir shtati Mitt Romni nomzodini ma'qulladi


Mitt Romni tarafdorlari oldida
Mitt Romni tarafdorlari oldida

AQShda respublikachi arboblar prezidentlikka yagona nomzod bo’lish uchun kurashar ekan, Nyu-Gempshirdagi poygada Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni g’alaba qozongan.

"Tarixiy kun shohidi bo'lib turibmiz", - dedi u tarafdorlariga murojaat qilar ekan.

Ovozlar deyarli hisoblab bo’lingan. 39 foiz ovoz bilan Romni oldinda. Texas shtatidan qonunchi Ron Pol ikkinchi ketmoqda - 23 foiz ovoz.

Qolgan o’rinlarni Yuta shtati sobiq gubernatori Jon Xantsman, Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich va Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum egalladi.

O’tgan hafta Ayova shtatida ham aksariyat ovoz to’plagan Romni shu tariqa Respublikachilar partiyasidan eng sarasi ekanini namoyish etdi. Oxirgi 30 yilda Ayova va Nyu-Gempshirni dastlabki bahsdayoq zabt etgan birinchi respublikachi u.

“Barak Obama davlat rahbari kasbini eplay olmadi. Mamlakatni yangi, farovon yo’lga boshlashga men qodirman”, - deydi Mitt Romni.

“Obama xalqaro maydonda hammaning ko’ngliga qarab ish tutmoqda. U Amerika jahon lideri bo’lgan davrlar ortda qoldi, armiyani kuchaytirishning hojati yo’q, deb hisoblaydi. Qo’shma Shtatlar qudratli davlatdir va kelgusida shunday bo’lib qolishi kerak. Prezident bo’lsam, qurolli kuchlarni mustahkamlayman, toki hech kim bizga dag’dag’a qila olmasin. Obama Isroil kabi ittifoqchi davlatlarni tanqid qiladi. Men esa do’stlarga xiyonat qilmayman. Obama Amerika nomidan kechirim so’rayveradi, lekin dunyoning eng qudratli mamlakatiga bu yarashmaydi”, - deydi Romni.

Ikkinchi va uchinchi o'rinlar ham g'oyat muhim bo'lib, keyingi bosqichlarda kimlar qolishini shundan bilsa bo'ladi.

Ikkinchi bo’lib kelgan Ron Pol Romnini g’alaba bilan qutladi. “Biroq biz ham bo’sh kelmayapmiz. Raqiblar Romniga yetay-yetay deb turibdi”, - deydi u.

AQShning Xitoydagi sobiq elchisi, uchinchilikni qo’lga kiritgan Jon Xantsman Amerikaning xorijdagi obro’sini tiklashga va’da bermoqda:

Nyu-Gempshir shtati Mitt Romni nomzodini ma'qulladi
Nyu-Gempshir shtati Mitt Romni nomzodini ma'qulladi

“Tolibonni yer tishlatdik. Al-Qoidani zir titratdik. Pokistonning Vaziriston mintaqasida jon saqlamoqda jangarilar endi. Usama bin Laden endi yo’q. Urushga botgan davlatlarda fuqaro jamiyati, armiya va politsiyani tiklyapmiz. Endi askar o’g’il-qizlarni Afg’onistondan olib chiqish fursati yetdi”, - dedi Xantsman.

Mitt Romni dushanba kungi chiqishida "odamlarni ishdan haydashni yaxshi ko'raman" deb baloga qoldi.

Holbuki, mijozga qoyillatib xizmat qilmagan tibbiy sug'urta kompaniyalarini nazarda tutgan edim, gapimni atayin buzib ko'rsatishayapti, deydi u.

Massachusets shtati sobiq gubernatori ancha avval xususiy sarmoya firmasini boshqargani ham raqiblari uchun bahona bo'ldi. Daromad ketidan quvib, Romnining kompaniyasi yuzlab odamni ishdan bo'shatgan, deydi uning tanqidchilari.

Massachusets shtati sobiq gubernatorining javobi tayyor:

“Barak Obama erkin biznes, tadbirkorlikni bo’g’moqda. Bu xato siyosat. Biz iqtisodiy muammolarni yechishning boshqa usulini tanlashimiz, qarzdorlar emas, imkoniyatlar diyori bo’lib qolishimiz lozim”, - deydi Romni.

Nyu-Gempshirdagi saylovda 10 foizdan olgan Vakillar palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrich va sobiq senator Rik Santorum taslim bo’lmoqchi emas.

Nyu-Gempshir shtati Mitt Romni nomzodini ma'qulladi
Nyu-Gempshir shtati Mitt Romni nomzodini ma'qulladi

“Shiorimiz iqtisodiy o’sish, barqaror byudjet, xavfsizlik va taraqqiyotdir. Yoshlar uchun yorqin kelajak tarafdorimiz”, - deydi Gingrich.

Rik Santorum oila, e’tiqod kabi qadriyatlarni saqlab, mustahkam iqtisodiyot barpo eta olamiz, deydi.

21-yanvar kuni Janubiy Karolina shtati Mitt Romnini qo’llab-quvvatlashi kutilmoqda. Biroq bular tugal natija emas. Saralash jarayoni endi boshlandi.

Barcha shtatlarda g’olib chiqqan respublikachi noyabr oyida demokratlar nomzodi, amaldagi rahbar Barak Obama bilan kurashadi.

Fuqarolarni eng ko’p o’ylatgan masala iqtisodiyotdir.

6-noyabrdagi saylovda aynan moliya sohasida pishgan va ishsizlikni tugatishga qodir deya ko'riladigan shaxs yutib chiqadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG