Breaking News

Ayova shtati respublikachilar prezidentlikka nomzod tanlamoqda


Ayova shtati respublikachilar prezidentlikka nomzod tanlamoqda
Ayova shtati respublikachilar prezidentlikka nomzod tanlamoqda

Respublikachilar Partiyasi noyabrga belgilangan prezident saylovlarida demokrat Barak Obamaga qarshi yagona nomzodni tanlashga harakat qilar ekan, ichki partiyaviy saylovlar uchun kampaniya nihoyasiga yetib, bugun Ayova shtatida bu partiya a'zolari ovoz beradi. So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum kutilmaganda ko'p ovoz oldi.

Peshqadamlar esa o'sha-o'sha - Masachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romni va texaslik kongressmen Ron Pol. Ayovaning o'zida o'tkazilgan so'rovda biri 24, ikkinchisi esa 22 foiz ovoz olgan. Santorumda esa 15 foiz.

Pensilvaniyalik sobiq qonunchi abortga va besoqolbozlarga fuqaroviy huquqlarning berilishiga qarshi. Santorumning saylovchilar diqqat markaziga tushishi jurnalistlar orasida ham unga bo'lgan qiziqishni oshirdi. Shanba kuni saylov kampaniyasini har qachongidan ko'p muxbir yoritganini o'zi ham tan oldi.

"Raqamlar bunchalik yuqori bo'lmaganida ular bu yerda bo'lmasdi. Bu so'rovda qatnashgan ayovaliklarning kuchidan dalolatdir", - dedi Santorum.

So'rovda olingan raqamlarning haqiqatni qanchalik aks ettirgani tez orada ma'lum bo'ladi. Ayrimlar nazarida Santorum aslida 15 foizdan ko'p ovoz olishi ham mumkin.

"Har birimizda xudo bergan huquqlar bor. Huquq bor joyda mas'uliyat ham bo'lishi kerak. Yaratganning qonunlariga rioya qilib yashash har birimizning burchimiz", - deydi Santorum.

Ayovadagi so'rov natijalariga ko'ra, peshqadam Romni o'z chiqishlarida iqtisodga katta urg'u bermoqda. Biznesda hukumat aralashuvini cheklab, shaxsiy tashabbusni oshirish tarafdori.

"Amerikada har bir odam o'z hayotini belgilash erkinligiga ega. Bu imkoniyatlar jamiyati, odam bilimi va yutug'iga qarab o'saveradi. Tavakkal qilishdan cho'chimaydigan mehnatsevar insonlar o'z maqsadiga erishsa bo'ladigan mamlakatda yashaymiz", - deydi Romni.

Respublikachilar orasida liberalroq qarashlarga ega qonunchi Ron Polning ham imkoniyati yuqori baholanmoqda. U nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham hukumat aralashuvini keskin cheklashga chaqiradi.

"Amerikaliklarning 70 foizi qo'shinlarni Afg'onistondan chiqarish tarafdori. Bu urush bizni xonavayron qiladi. So'nggi 10 yilda unga to'rt trillion dollar sarflab, katta qarzga botdik", - deydi arbob.

Da'vogarlardan yana biri Vakillar Palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrich. So'nggi so'rovda 12 foiz ovoz to'plagan. Undan quyi pog'onada esa 11 foiz bilan Texas shtati gubernatori Rik Perri.

Respublikachilar partiyasining ayovalik a'zolari bugun saylov uchastkalarida avval da'vogarlar bo'yicha munozara qilib, so'ng saylov byulletenida kimga ovoz berishini yozib qo'yadi.

Ayova saylovi hal qiluvchi hisoblanmasa-da, ko'p ovoz to'play olmagan da'vogarlar poygadan chiqishi mumkin. 10-yanvar kuni Nyu-Gempshir shtatida ham ovoz beriladi. 26-iyunga qadar barcha shtatlarda ichki partiyaviy saylovlar bo'lib o'tadi. G'olib noyabrda demokratlardan nomzod, amaldagi prezident Barak Obama bilan bellashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG