Kecha Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da'vogarlar Janubiy Karolina shtatida televizion debatda qatnashdi.
Yuta shtati sobiq gubernatori va Xitoydagi sobiq elchi Jon Xantsmen kecha poygadan chiqqanini ma'lum qilgach, da'vogarlar soni beshga tushdi. Shulardan to'rt nafari teledebatda peshqadam arbob, Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romnini tanqid qildi.
Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrichning aytishicha, Romni xususiy biznes bilan shug'ullangan payt boshqa kompaniyalarni kasodga uchratib, ko'plab odamlarni ishidan ayirgan bo'lgan.
Texas gubernatori Rik Perri esa Romnidan o'tgan yili qancha daromad ko'rib, qancha soliq to'laganini oshkor etishni so'ramoqda.
Romnining aytishicha, u qiyin jabhalarda ishlab, muvaffaqiyat qozonishga o'rgangan, mamlakat iqtisodiyotini ham tanazzuldan chiqara oladi.
Tashqi siyosat bobida Romni prezident Obamani Afg'onistonda toliblar bilan muloqotga ko'nganini tanqid qilmoqda.
Rik Perri prezident bo'lsam, Turkiyani NATOdan chiqarishga harakat qilaman, dedi. Uning aytishicha, bu davlat arab-Isroil mojarosida arablar tarafini olmoqda. Turkiyani islomiy terrorchilar boshqarmoqda, deydi Perri.
Yana bir da'vogar, texaslik kongressmen Ron Pol mudofaaga zaruratsiz ortiqcha pul sarflanayotganini, Amerikaning xorijdagi urushlarini qoraladi. U boshqa bir da'vogar, sobiq senator Rik Santorum kabi terrorchilikda gumon qilinayotgan Amerika fuqarolarini cheksiz hibsda saqlash siyosatiga qarshi chiqdi.
Poygadan kecha chiqqan Jon Xantsmen peshqadam Mitt Romnini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.