YAMAN
Poytaxt Sanoda armiya va muxolifat o’rtasida kechgan shiddatli olishuv 41 kishini hayotdan olib ketdi.
Prezident Ali Abdulla Solihga qarshi bosh ko’targan qabila yetakchisi Shayx Sodiq al-Axmar o’tgan hafta namoyishchilar tomoniga o’tgan edi. Unga sodiq kuchlar Ichki ishlar vazirligi va hukmron partiya idorasini bosib olgani haqida xabarlar bor.
Yaman janubidagi Zinjibor shahri al-Qoidaga aloqador jangarilar qo’lida. Taizda so’nggi uch kun ichida 25 namoyishchi otib o’ldirilgan.
BMT Inson Huquqlari kengashi fuqaroga nisbatan kuch qo’llanayotgani, xususan tibbiy muassasalar nishonga olinayotganini qoralab chiqdi. Yevropa davlatlari Sanodagi vakolatxonalari tahdid ostida ekanini qayd etar ekan, Italiya elchixonasini vaqtincha yopgan.
LIVIYA
Shimoliy Atlantika harbiy bloki, NATO Liviya hukumatiga qarshi kampaniyani yana uch oyga uzaytiradi.
Alyans rahbari Anders Fog Rasmussenning aytishicha, Muammar Qaddafiy rejimiga signal bu – bosim davom etadi.
Amaldagi missiya iyun oyi oxirida yakunlanishi kerak edi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Liviya mojarosi borasida gaplashish uchun kelasi hafta Birlashgan Arab Amirliklariga yo’l oladi. 22 davlatdan iborat koalitsiya, jumladan arab davlatlari, Liviya muxolifatiga moliyaviy va moddiy ko’mak uzatish haqida kelishib olgan edi.
Dushanba kuni Liviya rahbari bilan uchrashgan Janubiy Afrika prezidenti Jeykob Zumaning aytishicha, Muammar Qaddafiy hali-beri hokimiyatdan ketmoqchi emas.
MISR
Sobiq prezident Husni Muborak va uning o’g’illari namoyishchilarni o’qqa tutishga ko’rsatma berganlikda hamda korrupsiya aybi bilan sudga tortiladi. Jarayon 3 avgustga belgilangan.
Prokurorlarning da’vo qilishicha, inqilob natijasida hokimiyatdan ketgan rahbarning qator jinoyatlarda qo’li bor. Lavozimni suiiste’mol qilish, davlat xazinasini talon-taroj qilish shular jumlasidan.
Husni Muborak Sharm al-Shayxdagi kasalxonada so’roq qilinmoqda. O’g’illari Alaa va Jamol esa Qohira turmasida.
Sobiq prezidentning umr yo’ldoshi Suzana Muborak bir necha million dollarlik mol-mulkini davlatga topshirgach, qo’yib yuborilgan edi.