Breaking News

Misr ahli bugungi hayotdan norozi, ammo kelajakdan umidvor


Misr ahli bugungi hayotdan norozi, ammo kelajakdan umidvor
Misr ahli bugungi hayotdan norozi, ammo kelajakdan umidvor

Misrda o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, aholi hayotdan oldingi yillarga qaraganda qoniqish hosil qilmayapti, ammo yana shunisi ma'lumki, misrliklar kelajakka umid bilan qaraydigan bo'lgan.

2011-yil Misr uchun siyosiy voqealarga boy bo'lgani sir emas. Yanvarda omma ko'chaga chiqib hukumatga qarshi, korrupsiyaga qarshi, inson huquqlari buzilishlariga qarshi namoyish qildi. Fevralda mamlakatni salkam 30 yil boshqargan prezident Husni Muborak lavozimidan tushdi. Mart va aprel oylarida ham misrliklar ko'chaga chiqib turdilar, ammo bu safar muvaqqat hukumatga qarshi. Xalq iqtisodiy ahvolidan qoniqmayapti.

Birlashgan Arab Amirliklarida joylashgan ijtimoiy so'rov markazi yaqinda mingga yaqin misrlik bilan yuzma-yuz suhbat qildi. Ma'lum bo'lishicha, Muborak ag'darilganidan so'ng ish topish qiyinlashgan, sog'liqni saqlash va uy-joy masalasida muammolar talaygina.

Biroq bu omillar mamlakatni yaxshi hayot ilinjida tashlab chiqish uchun sabab emas.

Muhammad Yunus so'rovni olib borgan markazda tahlilchi. Uning aytishicha, Misr xalqi hayotga, kelajakka umid bilan, optimistik ruhda qaramoqda.

"Odamlarda hayotga bo'lgan munosabatning ijobiy tomonga burilganini ko'rdik. Ular nazarida yangi hukumat turli siyosiy kuchlardan iborat bo'lishi, demokratik jarayon diniy tamoyillar asosida barq urishi, qonunlarni yaratishda diniy ulamolar ishtiroki maslahat bilan cheklanishi kerak", deydi Yunus.

So'ralganlarning oz qismigina Eron Islom Respublikasi kabi davlatlarni Misrga namuna sifatida ko'radi.

"Misr Eron kabi bo'lsin deganlar bir foizni tashkil qiladi xolos. 5-6 foizi Turkiyani model sifatida keltiradi. 10 foizdan ziyodi AQShga o'xshaylik, deydi. Ammo umuman olganda misrliklar kimgadir taqlid qilish g'oyasidan yiroq. Ular Misr o'z yo'lidan borishini istashadi. Tarixi, aholi tuzilmasi, iqtisodiy sharoitiga qarab yangi taraqqiyot modeli bo'lishini xohlashadi", - deydi ijtimoiy tadqiqotchi Muhammad Yunus.

Bu yo'ldagi birinchi qadam parlament va prezident saylovlarini odil, ochiq va erkin o'tkazishdir.

Yunusning aytishicha, saylovlar adolatli o'tsa, Misr ko'chalarida qonun va tartib tiklanadi.

"Odamlar inqilob mevasini toqatsizlanib kutmoqda. Erkin saylovlar ularga ancha dalda bo'lardi", - deydi Yunus.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch xalqaro tashkilotining bildirishicha, mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengash inson huquqlari bobida zudlik bilan islohotlarni amalga oshirmas ekan, demokratiyaga o'tish sekinlashadi. Guruh favqulodda holatlar haqidagi qonunni bekor qilishni, inson huquqlarini poymol qilgan xavfsizlik kuchlari vakillarini adliyaga topshirishni, fikr erkinligini cheklayotgan qonunlarni bekor qilishni tavsiya qiladi.

Human Rights Watch rasmiy Qohira qator sohalarda yutuqlarga erishdi, deydi, jumladan yangi siyosiy partiyalar tashkil etishga ruxsat berildi. Bu xilma-xil siyosiy fikrli kuchlarning hukumatga kirishiga yaxshi zamin yaratadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG