Breaking News

Moldova: Korrupsiya mojarosi rossiyaparast partiyalar nufuzini oshirmoqda


Moldovadagi korrupsiya mojarosi rossiyaparast siyosiy partiyalar nufuzini oshirmoqda, deydi tahlilchilar.

Yanvar oyida namoyishchilar poytaxt Kishinyovda parlament binosiga hujum qilib, yangi saylov o’tkazish talabini olg’a surdi.

Mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi xohishini qo’llab-quvvatlayotgan koalitsiya Moldovaning eng nufuzli oligarxi Vladimir Plaxotnyukka aloqador. Tadbirkor va siyosatchi respublikani poralar va raqiblarni qo’rqitish yordamida boshqarayotgani iddao qilinadi.

Moldova Prezidenti Nikolay Timofti Plaxotnyukni unga va oilasiga bosim qo’yish orqali bosh vazirlikni qo’lga kiritishga harakat qilganlikda aybladi.

“Yevropaga qo’shilish tarafdori bo’lmish ko’alitsiya tuzilganidan beri janob Plaxotnyuk bosh prokuror va korrupsiyaga qarshi kurash markazini nazorat qildi, - deydi Kishinyovdagi Davlat siyosati instituti rahbari Oazu Nantoy. - U o’ziga quloq soladigan sudyalarni tayinladi. Qo’lida media-xoldingi bor. Moldova kichik mamlakat. Janob Plaxotnyuk esa uning ustidan katta nazorat o’rnatdi. Jamoatchilik fikrini xohlaganicha o’zgartiradi, adliya tizimini ham o’z manfaatlari yo’lida ishlatadi”.

Korrupsiyaga qarshi

2014-yilda Moldova banklaridan bir milliard dollar, ya’ni mamlakat yalpi ichki mahsulotining 13 foizi g’oyib bo’lganidan keyin boshlangan korrupsion mojaro butun mamlakatni larzaga soldi. O’shanda Moldova Gruziya va Ukraina bilan birgalikda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Mablag’ning yo’qolishi mamlakatni moliyaviy inqirozga yetakladi. Norozi aholi ko’chalarga chiqdi. Sentabr oyida Bosh vazir Vlad Filat hibsga olindi.

Yevropa Ittifoqiga qo’shilish tarafdori bo’lgan koalitsiya obro’siga putur yetkazildi. Rossiyaparast partiyalar kuchaydi. Ammo Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Balash Yarabikning aytishicha, aslida xalq Yevropaga qarshi emas, korrupsiyaga qarshi.

“Mamlakat ahli Yevropa deydi. Buni o’tkazilgan so’rovlar natijalari ko’rsatib turibdi. Moldovada Putin hukmdor bo’lsin degan kishini topolmaysiz. Namoyishchilarga kelsak, ular qo’li egri oligarxning mamlakatni boshqarishiga qarshi chiqyapti”, - deydi u.

Moldova banklari Rossiyada jinoiy yo’l bilan topilgan pullarning yuvilishida qatnashgan. Ayrim manbalarga ko’ra, 2010-2014-yillarda Moldova banklari orqali 20 milliard dollar pul o’tgan. Bu yillik yalpi ichki mahsulotdan ikki baravar ko’p.

“Hatto rossiyaparast siyosiy partiyalar hokimiyatga kelsa ham Yevropa Ittifoqi bilan erishilgan shartnomani bekor qilmaydi”, - deydi Yarabik.

Moldova Ukrainaga o’xshaydi

Kishinyovda to’xtamayotgan namoyishlar va ularni Rossiya moliyalamoqda degan mish-mishlar sabab hozirgi vaziyatni Ukrainada 2013-2014-yillarda Maydonda bo’lib o’tgan voqealar bilan qiyoslash mumkin. O’shanda Kiyevda Rossiya siyosatiga xayrixoh prezident hokimiyatdan haydalgan edi.

Farq shundaki, Moldovada ham hukumat, ham namoyishchilar zo’ravonliklardan o’zini tiyishga urinmoqda. O’xshashligi shundaki, har ikki harakat korrupsiya va oligarxlarga qarshi qaratilgan bo’lib, Ukraina va Moldovada efirga chiqayotgan Rossiya davlat televizion kanallari Yevropa Ittifoqini yomon qilib ko’rsatishga harakat qilgan.

“Rossiya istasa, katta zarar yetkazishi mumkin. Ukrainadan keyin Kreml uchun Moldovaga ta’sir o’tkazish ancha oson. Lekin hozircha Moskva bevosita aralashmay turibdi. G’arb ham Ukrainadagi ahvoldan farqli o’laroq o’zini tiyib turibdi”, - deydi Yarabik.

Ukraina aholisining 17 foizi ruslar bo’lsa, Moldovada ular olti foizdan kamroq. Ukrainada siyosiy tafovut chuqur bo’lgan, Moldovada esa Yevropa Ittifoqi tarafdorlari rossiyaparast muxolifat bilan birgalikda yangi saylov o’tkazishni talab qilmoqda.

Nantoy fikricha, Moldova uchun eng katta tahdid Putin rahbarligidagi Rossiya emas, korrupsiyadir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG