Ganna taxallusi bilan tanilgan ijodkor Gankuyag Natsag Mongoliya san’ati va madaniyatini targ’ib qiladi. Buddistlarning an’anaviy raqs marosimlari uchun yaratgan maskalari jahon muzeylarida ko’rgazmaga qo’yilgan. Usta hozirda AQShda yashab ijod qiladi.
Gankuyag Natsag Mongoliyada tug’ilgan. Qo’shma Shtatlarga 2002-yilda kelgan.
U 20 yildan beri buddist marosimlarida ishlatiladigan niqoblar yasaydi.
“Birinchi ishim 1997-yilda oq tanli qariya niqobi edi. Keyin Tsam raqsi maskalariga kirishdim. 108 maskani yasashga 10 yil sarflab, 2007-yilda bitirganman”, - deydi Gankuyag Natsag.
Buddaviy udumlardan biri, Tsam raqsi Mongoliyada 1800-yillardan beri ijro etiladi. 1930-yillar oxirida, kommunistik repressiya kuchayganda ritual man qilingan.
“O’shanda 800 dan ortiq ibodatxonalar, Buddizmga aloqador buyumlar, jumladan niqoblar yo’q qilingan. 108 nusxa maskaning barchasini tiklashni istadim”, - deydi usta.
Har bir maska bu – alohida personaj, o’z roli bor.
“Masalan, oq tanli qariya odamlarga uzoq umr bag’ishlaydi, aql-zakovat va donolik ulashadi. Kostyumlarni kiyib raqsga tushganimda, harakatlarim orqali ana shu hikoyani tasvirlab beraman”, - deydi Gankuyag Natsag.
Ijodkor niqoblarni tiklar ekan, uning yaqinlari kostyumlarning naqsh va bezaklarini tikishga yordam bergan.
“Onam mashhur tikuvchi, otam ham ijodkor bo’lgan. Ulardan ko’p narsa o’rgandim. San’at maktabida ham o’qidim”, - deydi ijodkor.
Niqoblar loy va xamirsimon qorishmadan tayyorlanadi. Unga bir oy ketadi.
“Jarayon murakkab, ko’p vaqt, e’tibor talab qiladi. Har biri uchun ancha o’tirish kerak. Niqoblarga xarakter berishda fikrni jamlab, ichki xotirjamlik bilan ishlash kerak”, - deydi usta.
U kuy va raqs ansambli ham tashkil qilgan. Hozirgacha 50 dan ortiq davlatda, festival va teatrlarda raqs ijro etishdi.
“Maska, kostyumlar yaratish bilan Mongoliya madaniyatini dunyoga tanitmoqchiman. Udumlarimizni saqlab qolish muhim. Maqsadim shu”, - deydi ijodkor.
Gankuyag Natsagning orzusi Dunyo Tinchligi Ibodatxonasi degan loyiha boshlash. U Mongoliya va Vashingtonda tinchlikni targ’ib qiluvchi ta’lim markazlari qurmoqchi.
“Inson qalbida zavq, xotirjamlik bo’lsagina dunyoda tinchlik bo’ladi. Buddaning falsafasi shu. Bizga keragi shu. Bu o’ziga xos borliq, barchamizning uyimiz”, - deydi mongoliyalik ijodkor.
Facebook Forum