Breaking News

Stoltenberg: NATO yangi tahdidlar bilan yuzlashmoqda


Gretsiyada o'tgan NATO harbiy mashqlaridan
Gretsiyada o'tgan NATO harbiy mashqlaridan

NATOning yangi rahbari Yevro-Atlantika ittifoqi turli tomonlardan yangi tahdidlar bilan yuzlashayotgani haqida ogohlantirdi.

Afinada Gretsiya Bosh vaziri Antonis Samaras bilan ko’rishgan Jens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainadagi xatti-harakatlarini hamda Iroq va Suriyadagi janglardan vataniga qaytayotgan xorijlik jangarilarni Yevropa uchun yangi tahdid manbalari deya sanagan.

“Rossiya Ukrainada xalqaro huquq normalarini buzdi. Bu holat mavjud ishonchga jiddiy putur yetkazib, Yevro-Atlantika ittifoqi xavfsizligiga tahdid solmoqda. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada esa “Islomiy davlat” va boshqa ekstremist guruhlar zo’ravonlik va beqarorlikka sabab bo’lmoqda. Uyiga qaytayotgan xorijlik jangarilar ham tinchligimizni xavf ostiga qo’yyapti. Ko’plab tomonlardan turli shakllardagi tahdidlar bilan yuzlashyapmiz”, - dedi NATO Bosh kotibi.

Gretsiya Bosh vaziri Samarasga ko’ra, Rossiya bilan to’liq harbiy hamkorlikni qayta tiklash hozir imkonsiz, ammo Moskva bilan muloqotni davom ettirish kerak.

“NATO-Rossiya kengashi doirasida to’liq hamkorlikni qayta tiklash hozir imkonsiz. Lekin Rossiya bilan aloqa qilish yo’llari ochiq qolishi va siyosiy muloqot davom etishi kerak. Yevropa xavfsizligini ta’minlashda Rossiyaning ishtiroki muhim. Bunga muammo yechimining bir qismi sifatida qarash kerak”, - dedi u.

Rossiya harbiy samolyotlarining Yevropa osmonida faollashishi ortidan NATO harbiy hozirligini oshirayotgani haqida xabar berdi.

Stoltenbergning aytishicha, ittifoq Boltiq, Shimoliy va Qora dengizlar uzra Rossiya amalga oshirayotgan havo reyslarini yaqindan kuzatib bormoqda.

NATO rahbarining ta’kidlashicha, Sovuq urush davri qaytgani yo’q, ammo Rossiyaning harbiy harakatlari o’rtadagi ishonchga putur yetkazdi.

Alyans tarqatgan ma’lumotga ko’ra, o’tgan ikki kun ichida 20 dan ortiq Rossiya harbiy samolyoti to’rt guruhga bo’linib ittifoqning havo chegaralarini kesib o’tgan.

Shu yilning o’zida bunday holatlar soni 100 dan oshgan. Bu esa o’tgan yilgi ko’rsatkichdan uch barobar ko’p.

Mart oyida Rossiya Qrimni o’z hududiga qo’shib olgandan beri Rossiya va NATO aloqalari keskin sovuqlashdi. NATO, shuningdek, Moskvani sharqiy Ukrainadagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi.

NATO so’zlovchisining aytishicha, Rossiya samolyotlarini to’xtatish uchun Norvegiya, Britaniya, Portugaliya, Germaniya va Turkiyaga qarashli qiruvchi samolyotlar havoga ko’tarilgan. Bu noma’lum samolyotlar NATO hududiga kirganda doim rioya qilinadigan odatdagi tartib, deydi NATO rasmiysi.

NATOning sharqiy a’zolari, xususan, Polsha va Boltiqbo’yi davlatlari, ayniqsa, Rossiyaning harbiy faolligidan norozi. Ularning xavotirlariga javoban, AQSh yetakchiligidagi ittifoq mintaqada havo sarhadlarini qo’riqlovchi samolyot va harbiy mutaxassislar sonini oshirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG