NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi a'zolari notinch Afg'onistonda o'z faoliyatini kengaytiradi. 15 davlat qo'shin yuborishga bel bog'lagan.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis bilan muloqotidan keyin bu borada e'lon qilar ekan, qancha askar safarbar etilishi haqida og'iz ochmadi.
Stoltenberg sal oldin minglab harbiy kerak, deb chiqqan edi. Mattis ham a'zolarni Afg'oniston borasidagi va'dalarini bajarmayotganlikda tanqid qilib kelayotgan edi.
"Amerika bu o'lkadagi qo'shinning 70 foizini qoplamoqda, qolganlar ham hissa qo'shsin", - deydi Mattis.
AQSh generali Josef Danford Afg'onistonda bosh qo'mondon. Prezident Donald Tramp iyul oyi o'rtalarida yangi strategiyani bayon etishi kutilmoqda.
Barak Obama prezidentligi davrida, aniqrog'i 2011-yildan boshlab Amerikaning Afg'onistondagi askarlari soni 100 mingdan 10 mingga tushirilgan.
Tramp bu siyosatni xato deb baholagan. Uning fikricha, Amerika Afg'onistonda chiqishga shoshgan. Obama nazarida esa o'sha paytda AQSh allaqachon bu zaminda 10 yildan beri harbiy harakatlar bilan band edi va urushni tugatish vaqti yetgan edi.
Facebook Forum