Breaking News

Boris Nemsov dafn etildi, tergov davom etmoqda


Bugun Rossiya jamoatchiligi o'tgan hafta otib ketilgan muxolifat yetakchisi Boris Nemsov bilan xayrlashdi. Moskvadagi Andrey Saxarov nomidagi inson huquqlari markazida marhum arbobning do'stlari, oila a'zolari uning tobuti yonida turdi. 55 yashar Nemsov Kremlning ashaddiy tanqidchilaridan edi.

Vidolashuv marosimida AQSh elchisi Jon Taft ham ishtirok etgan. Rossiya hukumatidan bosh vazir o'rinbosari Arkadiy Dvorkovich yetakchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

Shundan so'ng marhum Moskvadagi Troyekurovskoye qabristonida dafn etildi.

Nemsov juma oqshom noma'lum odamlar tomonidan otib o'ldirilgan. Olti o'qdan to'rttasi unga tekkan.

Prezident Vladimir Putin izchil tergov o'tkazib, qotillarini topishga va'da berdi. Ba'zilar Nemsov Putinga qarshi tanqidiy qarashlari uchun jazolandi desa, boshqalar nazarida bu Rossiya hukumatiga qarshi provokatsiya bo'lgan.

Dafn marosimida qatnashish uchun Rossiyaga safar qilmoqchi bo'lgan yevropalik ikki siyosiy arbob mamlakatga kiritilmagan. Polsha Senati spikeri Bogdan Borushevich va latviyalik qonunchi Sandra Kalniyete Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalariga javoban chegaradan qaytarilgan.

Qotillik sodir etilgan kuni Nemsov bilan birga bo'lgan uning ukrainalik dugonasi Anna Duritskaya qotilni ko'rmaganini aytadi.

AQSh Prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Nemsovning o'limi Rossiyada fuqarolik va matbuot erkinligi kamayganidan nishona.

"Fuqarolik jamiyati, mustaqil jurnalistlar, internet orqali muloqot qilayotgan odamlar qo'rquv ostida. Aholi axborotni davlat nazoratidagi matbuotdan oladi, xolos", - deydi Obama.

Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko o'tgan yili Kiyevda sobiq hukumatga qarshi namoyishlarni qo'llab-quvvatlagan hamda Rossiyaning Ukrainadagi siyosatini tanqid qilib kelgan Boris Nemsovni "Ozodlik" ordeni bilan taqdirlandi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG