Breaking News

Nyu-Yorkdagi portlash afg'onlar uchun jiddiy zarba


Federal qidiruv byurosi xodimlari portlash joyida. Nyu-York, 18-sentabr 2016-yil
Federal qidiruv byurosi xodimlari portlash joyida. Nyu-York, 18-sentabr 2016-yil

Iyun oyida Orlandodagi tungi klubda Umar Matin ismli kelib chiqishi afg'on yigit o'q otar quroldan o't ochib, qariyb 50 odamni o'ldirganida AQShda yashovchi afg'onlar o'zini bu voqeadan olib qochgan edi.

O'tgan shanba Nyu-York va Nyu-Jersidagi portlashlarni Afg'onistonda tug'ilgan Ahmad Xon Rahamiy uyushtirganligi aytilmoqda. Uning afg'on ekanini endi inkor eta olmaymiz, deydi amerikalik afg'onlar.

"U jamoamiz vakili emas, deyolmaymiz endi. Uning afg'on amerikalik ekanini tan olib, buning uchun mas'uliyatni bo'ynimizga olaylik. Bundan buyon boshqalarning radikallashishi oldini olish lozim", - deydi Nyu-Yorkning Kvins dahasidagi Dar al-Taqva masjidi a'zosi va afg'onlar jamoasi yetakchisi Manishoh Nodiriy.

Ahmad Xon Rahamiy ekani aytilayotgan shaxs politsiya bilan otishmadan keyin. 19-sentabr 2016-yil
Ahmad Xon Rahamiy ekani aytilayotgan shaxs politsiya bilan otishmadan keyin. 19-sentabr 2016-yil

28 yashar Rahamiy dushanba kuni Nyu-Jersida politsiya bilan to'qnashuv oqibatida yaralanib, qo'lga olindi.

Nyu-York shahar meri Bill de Blazioning bildirishicha, Rahamiy Nyu-York va Nyu-Jersi portlashlar ortidagi yagona odam. Nyu-Yorkdagi portlashda kamida 29 odam jarohatlandi.

Dar al-Taqva masjidi imomi Akbar Sherzod Rahamiy haqida hech kim eshitmaganini aytadi. Portlash 30 mingdan 50 minggacha a'zoga ega afg'on jamoasi uchun jiddiy zarba bo'ldi, deydi u. "Endi oilalarni ham jalb etib, kelajakda bunday xurujlarning oldini olishimiz kerak", - deydi u.

Radikal g'oyalarga qarshi kurash

"Afsuski, jamoamizdan ajralib qolgan oilalarda bolalar radilallashishi ehtimoli katta. Bu masjidlarga ham zarba. Oilasi bilmagan holda bu bolalar ishda yoki o'qishda ekstremist guruhlar bilan aloqa o'rnatadi", - deydi imom.

Rahamiy masjidga qatnamas edi, deydi afg'onlar. "Nyu-York Tayms" gazetasining xabar berishicha, Rahamiy bundan to'rt yil avval vatani Afg'onistonga borib, islomga qiziqa boshlagan. AQShga qaytgach u otasining do'konida namoz o'qib yurgan.

Nyu-York va Virjiniyadagi afg'onlar masjidlari imomlari yoshlar uchun alohida dasturlar yuritadi, juma namozlarida musulmonlarni ekstremist guruhlar tuzog'iga ilinishdan ogohlantiradi.

Federal qidiruv byurosi rasmiylari portlash joyida. 18-sentabr 2016-yil
Federal qidiruv byurosi rasmiylari portlash joyida. 18-sentabr 2016-yil

Nyu-Yorkdagi masjid o'tgan oyda oilalar uchun alohida uchrashuvlar uyushtira boshladi.

"Biz ularga quloq solamiz, kuzatamiz, maslahat beramiz, radikal guruhlarga qo'shilishdan ogohlantiramiz. Oilalarga esa farzandlaringizga ko'z-quloq bo'ling, deb o'rgatamiz", - deydi Sherzod.

Shunga qaramay masjidlar bunday faoliyat ko'lamini kengaytirishi, boshqa dinlar vakillari bilan hamkorlik qilishi kerak, deydi faollar.

Hozirda esa afg'onlar jamoasi yetakchilari va imomlar ogoh bo'lishga da'vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG