Breaking News

Amerikadagi o'zbeklar Orlandodagi voqeaga nima deydi?


AQShda yashovchi o’zbeklar Orlandodagi otishmani qoralab, bunga turli sabablar ko’rsatadi. Ayrimlar gap qotil Umar Matinning tarbiyasida desa, boshqalar uni ruhan kasal, deydi, yana ba’zilar esa qurol savdosi yaxshiroq nazorat qilinganida Matin avtomatik qurolni qo’lga kirita olmagan va shuncha odam o’lmagan bo’lardi, deydi.

Jahon Tojiboyev Orlandoda salkam 14 yildan beri yashaydi.

“Orlando dam olish maskani bo’lib, odamlar odatda bu yerga hordiq chiqarish, ko’ngil yozish uchun keladi. Bu yovuz voqea bizni shokka tushirdi. Otishma shahar markaziga yaqin joylashgan gey-klubda sodir bo’ldi. Men u yerda bo’lmaganman, ammo atrofdagi do’konlarga bozor-o'char uchun borib turaman. Rayon ancha tinch, o’ziga to’q, shuning uchun bo’lgan voqeani tasodif deb hisoblamayman. Qotil oldindan tayyorlanib, aynan shu klubga borishini avvaldan bilgan deb o’ylayman”, - deydi Jahon Tojiboyev.

Amerikadagi o'zbeklar Orlandodagi voqeaga nima deydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:22 0:00

Orlandolik O'tkir Shokirov ham qirg'inni qoralaydi.

"O'n yildan ortiq Orlandoda yashab kelaman. Ko’p ma’noda ikkinchi ona shahrim desam ham bo’ladi. 12-iyun kuni sodir bo’lgan shu mudhish hodisaga shaxsiy munosabatim, albatta, salbiy. Bu odamning qilgan ishi qotillik va zo’ravonlikdan boshqa narsa emas. Odam gey bo’ladimi, to’g’ri bo’ladimi, bu o’sha odamning o’zi tanlagan yo’li. Hech bir inson boshqa bir insonning hayotini olishga haqqi yo’q. Bu na diniy tarafdan, na dunyoviy tarafdan to’g’ri", - deydi u.

Umar Matinning qotillikka nega qo’l urgani haligacha noma’lum. Virjiniya shtatida yashovchi Aloxon Ho’jayev gap oilasida yoki uning ruhiy holatida bo’lgan, deya taxmin qiladi.

"Bo’lgan voqea, menimcha, sog’ odam qiladigan ish emas. Fikrimcha, bu yerda 2-3 ta sababchilar bor. Birinchisi, ota-onasi. Ular yoki yaxshi tarbiya bermagan yoki o’rgatmagan nima qilishni yoki kasalini yashirgan. Masalan, ruhiy kasalligi bo’lsa, uni oldini olish kerak edi o’z vaqtida. Muammoni hal qilishning boshqacha yo’llari bor edi. Lekin, menincha, ota-onasi shu narsalarni berkitishga harakat qilgan deb o’ylayman".

Hotamjon Soliyev oilasi bilan 12 yildan beri Orlandoda yashaydi. Qurol nazoratini kuchaytirish kerak, deydi u.

"Bu klubga ko’zim tushmagan ilgari. Bunaqa joylarga bormaymiz, yaqinlashmaymiz. Shaharda hozir vaziyat tinch, oldingiday, odamlar borib qon topshirishyapti, ko’p joylarda shunday punktlar ochilgan. Albatta, qandaydir ma’noda qurol sotish sal bo’lsa-da, qonun-qoida orqali bo’lishi kerak. Ya’ni qurol sotishdan oldin qurol oladigan odamni tekshirish kerak. Psixologik tomondan bu odam qanaqa, oldin nima ish qilgan, shu narsalarni tekshirib, keyin sotish kerak", - deydi Hotamjon.

Jinoyatning ilk daqiqalaridan boshlab Umar Matinning kelib chiqishi afg’onistonlik ekani, “Islomiy davlat” va uning harakatlariga xayrixohlik bildirgani haqida matbuotda gap ko’p bo’ldi. Bu esa musulmonlarga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytirishi mumkin, deydi Jahon Tojiboyev.

“2001-yil 11-sentabr xurujlaridan beri Amerikada musulmonlarga g’araz bilan qarashadi. Orlandodagi otishma prezidentlikka nomzod Donald Trampga qo’l keldi. U prezidentlikka saylansa, xorijiy musulmonlarni Amerikaga kiritmayman, deb aytib kelayotgan edi. Ayrimlar nazarida biror mamlakatga muhojirlikka chiqayotgan odamlar o’sha jamiyat qonun-qoidalari, tartiblariga ko’ra yashashi kerak. Ammo doim ham bunday bo’lmaydi. Buni Yevropadagi terror xurujlaridan bilsa bo’ladi. Matin ham Amerikada tug’ilganiga qaramay, radikal islomga qandaydir yo’l bilan kirib qolgan”, - deydi Jahon.

Prezident Obamaga ko’ra, Matin internet orqali tarqalayotgan radikal tashviqotdan ruhlangan bo’lishi mumkin. Tramp o’tgan kuni Amerikadagi masjidlarni tekshirib chiqishni taklif qildi.

"Musulmonlarning Amerikaga kelishini taqiqlash yoki AQShdagi musulmonlarni maxsus nazoratga olish bilan bu otishmalar muammosi tugab qolmaydi. Muammo qurol savdosiga doir sistemaning buzuqligida va mavjud bo’lgan qoidalarning ishlamayotganida deb bilaman. Amerika Konstitutsiyasi qurolga egalik qilish huquqini kafolatlaydi va men bunga qarshimasman. Lekin ommaviy qirg’in uchun mo’ljallangan qurollarning bemalol savdoda bo’lishi va ularni sotib olish uchun hozirda mavjud bo’lgan sistema jiddiy islohotga muhtoj ekanini va shu islohot vaqti kelganini Orlandodagi otishma ko’rsatib berdi", - deydi O'tkir.

Dastlabki xabarlarda Matin radikal islomiy g'oyalarga berilgan odam sifatida ta'riflandi, biroq kecha ma'lum bo'lishicha, u “Puls” klubiga tez-tez borib turgan, besoqolbozlikka moyilligi bo’lgan bo'lishi mumkin. Bu haqda uning sobiq rafiqasi Sitora Yusufiy hozirgi qaylig’iga so’zlagani ta’kidlanmoqda. Ayol Amerikaga yoshligida O’zbekistondan kelgani aytiladi.

Kaliforniyada yashovchi Qahramon Tolibjonov nazarida, axborot maydonidagi raqobat tufayli Amerika matbuoti ba’zi hollarda noto’g’ri ma’lumot tarqatib, noxolis yondashuvi bilan jamiyatda musulmonlarga nisbatan salbiy qarashlarning shakllanishiga hissa qo’shmoqda.

"Ommaviy axborot vositalarida gap ko’p. Shu jinoyat sodir etgan odamni “jinoyatchi” deb yoki ismini aytish bilan cheklanib qolsa bo’lardi. Ammo birinchi satrlardayoq uni musulmon deb aytishadi. Agar “Islomiy davlat”ga qo’shilgan bo’lsa, “Islomiy davlat”ga qo’shilgan jinoyatchi” deb atash mumkinku. IShIDning islomni niqob qilib olib, jinoyatlar sodir etib yurganini hamma biladi. Nega boshqa din vakillari jinoyat sodir etganda ularning faqat ismni aytishadiyu, dini haqida og’iz ochilmaydi?" - deydi u.

Amerikadagi islomiy tashkilotlar xurujni qoralab, musulmonlarni qotil qo’lidan yaralangan odamlar uchun qon topshirishga da’vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG