Shimoliy Koreya oziq-ovqat evaziga yadro sinovlarini, uzoq masofali ballistik raketalarini uchirishni hamda uran boyitishni vaqtinchalik to'xtatishga rozi. Bu Pekinda AQSh va Shimoliy Koreya rasmiylari o'rtasida kechgan muzokaralarda erishilgan natijadir.
AQSh Davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, rasmiy Pxenyan siyosati bo'yicha tashvish mavjudligiga qaramay bu katta yutuqdir.
"Kim Chen Ir vafotidan so'ng yangi rahbariyat mamlakatni tinchlik tomon yetaklaydi, xalqaro majburiyatlarini bajarishga kirishadi, deya umid bildirgan edim. Shimoliy Koreya to'g'ri yo'lni tanlaganini bugun ko'rdik", - deydi Klinton.
Oq uy ham bu xabarni olqishlab, ijobiy qadam deya baholadi. Rasmiy Pxenyan va'dasida turadi degan umiddamiz, deydi prezidentning matbuot kotibi Jey Karni.
Qo'shma Shtatlar Shimoliy Koreya so'zida tursa, bir yil davomida unga 240 ming tonna oziq-ovqat yetkazishga tayyor ekanini aytmoqda.
Tomonlarning e'tirof etishicha, rasmiy Pxenyan yadro inshootlarini ko'zdan kechirish uchun BMT inspektorlarini mamlakatga kiritishga ham rozi bo'lgan. Ular uran boyitilishi to'xtatilganini nazorat qiladi.
Imzolangan bitimga ko'ra, inspektorlar Yonbyon va boshqa yadro inshootlarida bo'ladi. Yonbyonda 5-megavattli reaktor bor.
AQSh rasmiylarining aytishicha, hujjat Shimoliy Koreya yadro dasturini batamom tugatishga imkon beruvchi jiddiyroq va kattaroq muzokaralarga yo'l ochmoqda.
Bu mashaqqatli jarayonning birinchi bosqichidir, deydi Karni.
"Hujjat qog'ozda qolib ketmasligi kerak. Undagi majburiyatlarni bajarib, niyat xolisligini amalda isbotlash zarur", - deydi Oq uy matbuot kotibi.