Nigerda hokimiyatni qo’lga olgan harbiylar mintaqadagi davlatlar va G’arbning hokimiyatdan ag’darilgan davlat rahbarini o’z o’rniga qaytarish talabini bajarishdan bosh tortdi, bunga ajratilgan bir haftalik ultimatum muddati tugadi.
“Mamlakatni himoya qilish uchun tayinlangan milliy kengash EKOVAS tashkiloti va xorijiy kuchlarni Niger ichki ishlariga aralashmaslikka chaqiradi. Ularning harbiy avantyurasi mintaqa xavfsizligi, barqarorligi va hamjamiyatimiz birligiga zarar yetkazib, halokatli oqibatlarga olib keladi”, - dedi Nigerdagi xunta so’zlovchisi Amadu Abdramane.
Mamlakatda sobiq mustamlakachi davlat Fransiyaga qarshi kayfiyatlar kuchaygan.
G’arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati xunta bir hafta ichida Prezident Muhammad Bazumni ozod etmasa, Nigerga qo’shin kiritishi haqida do’q-po’pisa qilgan edi. Payshanba kuni EKOVAS favqulodda majlis o’tkazadi va shunda Nigerdagi isyonchilar bilan muloqotni davom ettirish yoki mamlakatga qo’shin tortish bo’yicha qaror qabul qilinishi kutilmoqda.
Tashkilot Nigerga hujum qilishga hozirlik ko’rayotgani haqida ogohlantirayotgan xunta rahbarlari yakshanba kuni Niger havo sarhadlarini yopishga qaror qildi.
Niger AQShning beqaror mintaqadagi hamkori edi, mamlakatda yuzlab amerikalik askarlar bor. Pentagon ularni Nigerdan olib chiqishga buyruq yo’qligini bildirdi.
Shu bilan birga, Qo’shma Shtatlar Nigerga iqtisodiy yordamni to’xtatdi.
“Gap katta pul haqida ketmoqda. Qanchaligini aytolmayman, yordam to’xtatilgan, ammo tiklanishiga umid qilaman. Agar xunta rahbarlari ertaga hokimiyatni topshirib, konstitutsion tartibni tiklasa, yordamga qo’yilgan taqiq olib tashlanadi. Gap yuzlab million dollar haqida ketyapti”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Miller.
Burkina-Faso, Mali va Gvineya xuntani qo’llab-quvvatlamoqda, ularga dalda bermoqda.
Dushanba kuni Mali va Burkina-Fasodan Nigerga harbiy delegatsiyalar bordi.
“Ular mintaqaviy iqtisodiy hamjamiyat intervensiyasidan va demokratiyani tiklashidan qo’rqyapti. Chunki ular demokratik jarayonlarni qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi Londondagi Chatxem uyi tahlil markazidan Aleks Vayns.
Mali hukumatining so’zlovchisi Abdulay Maiganing aytishicha, NATOning Liviyadagi xavfli avantyurasi 10 yildan oshiq vaqtdan beri Burkina-Faso, Mali va Nigergagi vaziyatga, bu mamlakatlar iqtisodiyoti, siyosati va xavfsizligiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
“Hozir Nigerga ham hujum qilishsa, buning oqibatlari yana qancha ta’sir qilishi mumkin degan savol bizni o’ylantirmoqda”, - dedi u.
EKOVAS sanksiyalari va G’arb yordamining to’xtatilishi ketidan Nigerda oziq-ovqat qimmatlashgan. BMT agentliklari muhtojlar ko’payishiga hozirlanmoqda. Davlat to’ntarishigacha Nigerda 4 milliondan ziyod odam BMT yordamiga muhtoj edi.
Tashkilotning Nigerdagi vakili Luiz Obinning aytishicha, xunta Niger havosini yopishi oqibatida BMTning mamlakat ichida yordam tarqatuvchi reyslarida uzilish hosil bo’lgan.
Bugun Niameyga AQSh davlat kotibi muovini Viktoriya Nuland borib, xunta rahbarlari bilan ko’rishgan, ammo hokimiyatdan olingan prezident Bazum bilan gaplashishga ruxsat ololmagan.
“Ular harakatlarining qat’iy ekanini aytishdi va bu harakatlarni Niger konstitutsiyasi doirasida deb bo’lmaydi”, - dedi Nuland muxbirlar blan suhbat chog’ida.
Bazum hukumati AQSh, Fransiya va qator boshqa davlatlar bilan Daish, al-Qoida kabi terrorchi guruhlarga qarshi kurashda hamkorlik qilgan.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Nuland AQShda tahsil olgan general Muso Salau Barmu hamda 3 ta polkovnik bilan ko’rishgan. Harbiy to’ntarishdan so’ng prezidentlikka tayinlangan general Abdurahmon Chiani bilan AQSh delegatsiyasi uchrashmagan.