AQSh prezidenti Barak Obama boylar manfaatiga xizmat qiluvchi soliq tizimini o’zgartirishga muvaffaq bo’lganini e’lon qildi.
Kongress tomonidan qabul qilingan yangi qonun mamlakatni “moliyaviy jarlik”dan xalos qilgani aytilmoqda.
Prezident Obama har ikki partiya vakillariga, xususan, vitse-prezident Jo Baydenga soliqlarning oshishi va hukumat xarajatlarining qisqarishiga yo’l qo’ymagani uchun o’z minnatdorligini izhor etdi.Kongress tomonidan qabul qilingan yangi qonun mamlakatni “moliyaviy jarlik”dan xalos qilgani aytilmoqda.
“Byudjet bo’yicha biz erishgan kelishuv shuni ko’rsatyaptiku, siyosatga emas, balki mamlakat uchun nima muhimligiga e’tibor qaratsak, birga olg’a siljishimiz mumkin”, - dedi davlat rahbari.
Obama prezidentlik uchun olib borgan kurashida o’rta qatlam uchun soliqlarni oshirmaslikka, ammo boylarni bunday imtiyoz bilan siylamaslikka va’da bergan edi.
Uning aytishicha, mamlakatning kamomadi juda yuqori va qarz olish chegarasini yana ko’tarish bo’yicha Kongress bilan ortiq murosaga bormaydi.
“Buning butun global iqtisodiyot uchun asorati juda yomon bo’ladi. “Moliyaviy jarlik”dan ham ko’ra falokatliroq bo’ladi”, - dedi prezident.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, defitsitni muvozanatni saqlagan holda kamaytirib borish kerak. Toki men prezident ekanman, shu maqsadga og’ishmay rioya qilaman, dedi u.
Kecha Kongressda bo’lib o’tgan ovoz berishdan so’ng Obama har ikki partiya vakillarini daromadni oshirish va xarajatlarni qisqartirish masalasida birga ishlashga chaqirdi. Ayni paytda muhim ijtimoiy dasturlarni saqlab qolish kerak, dedi u.
“Biz bu munozarani hal eta olamiz. Butun vaqtimiz va energiyamizni unga sarflamasligimiz kerak. Oldinda bizni boshqa muhim muammolar ham kutib turibdi. Ish o’rinlarini yaratish, daromadlarni oshirish, infratuzilmani sozlash, immigratsiya tizimini isloh qilish, sayyoramizni iqlim o’zgarishi asoratlaridan himoya qilish, mahalliy energiya ishlab chiqarishni kengaytirish va farzandlarimizni qurol zo’ravonligidan himoya qilish ham muhim vazifalarimiz”, - dedi prezident Obama.
Shunday ekan, oldinda Kongressni ahamiyati “moliyaviy jarlik”dan kam bo’lmagan bir qator vazifalar kutib turibdi, deyish mumkin.