Breaking News

Obama va ayrim respublikachilar o'rtasida so'z jangi ketmoqda


Kapitoliy
Kapitoliy

AQShda 47 respublikachi senatorning Eronga yo'llagan maktubi yuzasidan Oq uy va ayrim Kongress a'zolari o'rtasida munozara davom etmoqda. Xatda Tehronning yadro dasturi bo'yicha erishilgan har qanday kelishuv Obamaning prezidentlik muddati tugagandan so'ng amaldan to'xtashi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Obama respublikachilarni davlat rahbarining tashqi siyosatiga aralashayotganlikda aybladi.

Tehron bilan olib borilayotgan xalqaro muzokaralarga qarshi respublikachilar va ularning Eronga yozgan maktubidan g'azablangan Obama o'rtasida so'z jangi ketmoqda.

"Kongressning ayrim a'zolari Erondagi konservatorlar bilan bir maqsadni ko'zlayotgani g'alati. Noodatiy koalitsiya", - deya istehzo qildi Barak Obama.

Kapitoliydagi demokratlar prezident bilan hamfikr.

"Bu xat nafaqat AQSh, balki ittifoqchilarimiz yuziga ham shapaloq tortgandek bo'ldi. Oliy qo'mondonimizni savol ostiga oladigan payt emas hozir", - dedi Senatdagi demokratlar yetakchisi Garri Rid.

Maktubga imzo chekkan respublikachilar Eronga ishonmaydi. Ular kelishuv eronliklarga yadro qurolini yaratish uchun qo'shimcha vaqt berayotgani bois xatni yozganini aytadi.

"Prezidentga Kongress bilan birga ishlash va maslahatlashish uchun keragidan ko'p vaqt berildi. Lekin u bunday qilmadi. Har qanday kelishuv uning prezidentligidan keyin yashab qolmasligiga kuchli ishora bu", - deydi respublikachi senator Marko Rubio.

Ammo respublikachilarning hammasi ham bu masalada yakdil emas. Senator Bob Korker xatga imzo chekishni istamaganlardan.

"Bu maktub ko'zlangan natija beradi deb hisoblamayman. Mamlakatimiz kelajagi va Yaqin Sharq barqarorligi uchun juda muhim bo'lgan muzokaralarga imkon berishimiz kerak", - deydi u.

Ayrim kuzatuvchilar voqealar rivojidan hayron. Senat tarixchisi Donald Ritchining aytishicha, qonunchilarning xoriyiy davlat yetakchlariga xat yozishi kamyob holat.

"Ayniqsa, xatning AQSh siyosatiga zid kelishi yanada ajablanarli. O'tgan 226 yil davomida Kapitoliyda shunday vaziyatlar bo'lgan, ammo juda kam", - deydi u.

Xat mojarosi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning Kongressga qilgan bahsli murojaati ketidan chiqdi. U o'z nutqida kelishuv Eronni yadro qurolini yaratishdan to'xtata olmasligini, aksincha, uning qo'lga kiritilishini kafolatlashini ta'kidladi.

Prezident Obama esa buning aksini aytadi. Unga ko'ra, bitim Eronni yadro qurolidan xoli qilishning eng yaxshi yo'lidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG