Breaking News

Prezident Obama davlatning bugungi ahvoli haqida xalqqa hisobot berdi


Prezident Barak Obama Kongress huzurida, 12-fevral, 2013
Prezident Barak Obama Kongress huzurida, 12-fevral, 2013
Har yilning boshida AQSh rahbari Kongress, bu davlatning qonunchilik organi huzuriga borib, xalq saylagan vakillar va shu tariqa butun yurt oldida hisobot beradi. Bu qonunan talab qilinadigan narsa emas, ammo azaliy siyosiy odat. Prezident Amerikaning bugungi kuni va yaqin kelajagi haqida axborot berishi kerak.
Obama xalqqa hisobot berdi/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00
Yuklab oling

Obamaning nutqiga respublikachilar javobi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00
Yuklab oling

O'tgan yilning noyabrida Oq Uyga qayta saylangan Barak Obama 20-yanvarda prezidentlik qasamyodini keltirib, ikkinchi muddatni boshlab yuborgan.

Prezident gapni iqtisoddan boshladi.

"Bu kecha shuni faxr bilan aytamanki, xalqimiz shijoati tufayli ulkan yutuqlarga erisha oldik. 10 yildan oshiq davom etgan va milliardlab dollarga tushgan urushlarni tugatib, o'g'il va qizlarimiz vatanga qaytmoqda. Chuqur inqirozdan chiqdik. Iqtisodiyotimizda olti milliondan oshiq ish o'rni yaratildi. Amerika o'tgan besh yil bilan qiyoslaganda, o'z mashinalarini ko'proq xarid qila boshladi. 20 yil bilan taqqoslaganda, chet eldan kamroq neft sotib olayapmiz. Ko'chmas mulk bozorida siljish bor. Qimmatbaho qog'ozlar bozori chaqqonlashgan. Xaridorning ishonchi oshgan".

Obama yurtdoshlarini kelajakka umid bilan qarashga undadi, lekin o'rta sinf qiynalayotganini tan oldi:

"Sir emas, millionlab amerikaliklar hamon ishsiz va mehnat qilayotganlar zamondan rozi emas, chunki mehnatining rohatini ko'ra olmayapti. Yirik korporatsiyalar foydani sarhisob qilmoqda, lekin odamlarning maoshlari oshmayapti".

"Amerikada iqtisodiy o'sishni ta'minlash, o'rta sinf ravnaq topishi uchun zamin hozirlash - bizning avlodimiz zimmasida", - dedi Obama.

Qo'shma Shtatlarni dunyodagi eng yirik moliyaviy-iqtisodiy tizimga aylantirgan omil shuki, mehnat qilgan odam uning rohatini ko'radi. Fuqaro o'z burchi va huquqlarini bilgan holda ter to'kib, istagan maqsadiga erisha oladi, qay elat, din yoki irq vakili bo'lishidan qat'i nazar, deydi prezident.

"Shunday ish ko'raylikki, hukumat ayrimlar manfaati emas, hamma uchun birdek xizmat qilsin, birdek sharoit yaratsin. Biznes muhit yanada erkin va adolatli bo'lsin, omilkorlikni qadrlaylik, harakat qilgan odam uchun imkoniyat darvozalari ochilsin",- deya undaydi Obama.

"Mamlakatimizda ko'proq mehnat o'rinlari yaratish uchun qanday choralar ko'rayapmiz? Fuqaro zarur tajriba va ilmga ega bo'lishi uchun nima qilayapmiz? Mehnat qilgan odam uning rohatini ko'rishi uchun sharoit bormi?"

"Siyosatimiz shu savollarga javob berishi lozim, ijobiy javob", - deydi Obama.

Prezident Kongressga yuzlab betli taklif yuborgan. Ularni amalga oshirish uchun muxolifat, ya'ni respublikachilar da'vo qilayotganidek, ortiqcha xarajat qilinmaydi, deydi u. Iqtisodiy takliflarni qoplash uchun byudjetda mablag' yetarli, deydi Obama, Kongress ma'qullasa bas.

Konservatorlar prezidentni liberalizmda, haddan tashqari ko'p xarajat qilib, davlatni qarzga botirayotganlikda ayblaydi. Oq Uy javobi shuki, bu asossiz iddaodir.

"Meni hukumat hajmi va nazoratini oshirayotganlikda ayblamang. Maqsadim - aqlli va uzoqni ko'zlovchi siyosat yuritish",- deydi Obama qonunchilarga qarata.

Amerikaliklar barcha muammolarga yechimni hukumatdan kutmaydi, deydi prezident. Kongress har sohada ham bir yoqadan bosh chiqarmasligini hamma biladi. Lekin fuqaro talabi shuki, siyosatchilar partiyabozlikni chetga surib, xalq manfaatini o'ylasin. Siyosatchilar murosa qila olishi kerak. Usiz mamlakat oldinga siljimaydi, deydi Obama.

"Asosiy vazifamiz davlat mustahkam byudjetga ega bo'lishini ta'minlash. O'tgan yillar ichida Kongressdagi har ikki partiya kamomadni 2,5 trillion dollarga kamaytirish ustida ishladi. Yaqin kelajakda byudjetdagi yetishmovchilikni 4 trillion dollarga kamaytirish niyatidamiz. Busiz iqtisodiy muvozanatga erisha olmaymiz".

Obama Amerika soliq tizimini isloh qilish kerak deb kelmoqda. Respublikachilar uning tashabbuslariga qarshi. Lekin vaziyat shuni taqozo etmoqdaki, deydi Obama, tomonlar murosa qilishga majbur.

Konservatorlar odatda soliqlarni oshirishga qa'tiyan qarshi. Demokratlar daromadi yuqori fuqarolar ko'proq soliq to'lashi kerak deb keladi. Partiyalar bu borada hamon kelisha olmagan.

Yangi ish o'rinlari yaratish uchun, deydi Obama, yangi sohalarga asos solish kerak. Masalan muqobil energetika sanoatini rivojlantirish. Shamol va quyosh nuridan quvvat olishni yo'lga qo'yish uchun davlat katta miqdorda sarmoya qilishi kerak, deydi prezident.

Sog'liqni saqlash sanoatini isloh qilish ham Obamaning bosh maqsadlaridan biri. 2011-yilda ma'qullangan qonun 2014-yildan to'la kuchga kiradi. Unga ko'ra, har bir amerikalik o'ziga tibbiy sug'urta sotib olishga majbur. Qurbi yetmasa davlat yordam beradi.

Ta'lim tizimini yangilash, oliy ma'lumotli bo'lishni arzonlashtirish ham demokratlar olg'a surayotgan tashabbuslardan biri.

Amerikada yashayotgan 11 milliondan ortiq hujjatsiz muhojir taqdirini hal etish ham bugunning dolzarb vazifasi, deydi Obama.

O'tgan oylar ichida AQSh bo'ylab yuz bergan qatliomlar qurolga egalik huquqiga e'tiborni oshirdi. Fuqaro qanday qurollarga egalik qilishi mumkin va bu qanchalik nazorat qilinishi kerak? Mamlakatda hozir shu mavzular qizg'in muhokamada.

Energetika sohasini yangilash haqida gap ketar ekan, Obama iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi jiddiy choralar ko'rishga chaqirdi. Yer yuzida harorat yil sayin ko'tarilib borayotganini rad eta olmaymiz, haqiqatni tan olib, insoniyat ravnaqini o'ylagan holda ish ko'rish kerak, deydi prezident. Amerika bu borada boshqa davlatlardan orqada qolmasligi lozim. Toza energiya manbalaridan foydalanishni kengaytiraylik, deydi Obama.

Barcha masalalarda bo'lganidek, demokratlar va respublikachilar bu mavzularning birortasida yakdil emas.

AQShda kishi boshiga minimal yillik daromad 14,500 dollar. Qashshoqlik darajasi shunga qarab belgilanadi. Aksariyat shtatlarda minimal ish haqi soatiga 7-8 dollar. Obama federal miqyosda eng kam maosh soatiga 9 dollar bo'lsin, deydi.

Erkak va ayol teng mehnat uchun teng haq olishi shart, qonun shuni ta'minlasin, deydi prezident.

Prezident Obama: Kelasi yilning oxirigacha Afg'onistonda urushni tugatamiz
Prezident Obama: Kelasi yilning oxirigacha Afg'onistonda urushni tugatamiz
Tashqi siyosat

Prezident Amerika qo'shinlarini Afg'onistondan 2014-yilning oxirigacha butunlay olib chiqish qarorida qat'iy. Asosiy maqsad al-Qoida ildiziga bolta urish edi, bunga erishildi, deydi Obama.

O'tgan bir yil ichida 33 ming askar vatanga qaytdi. Kelasi bir yilda 34 minggi qaytadi. AQSh Afg'onistonga yordamni davom ettiradi. Harbiy malakani oshirish va terroristlarga qarshi maxsus operatsiyalar olib borishda ko'maklashish. Shuningdek, afg'on jamiyatini qayta qurish, iqtisodiy-ijtimoiy madad ko'rsatish.

Amerika terrorizmga qarshi kurashni davom ettiradi, xususan Arab yarimoroli va Afrika davlatlarida. Obama ma'muriyati jangari guruhlar joylashib olgan mamlakatlarga diqqatni oshirib, hukumatlar bilan hamkorlikni kuchaytiradi.

Shimoliy Koreya va Eron singari yadroviy qurollanishga bel bog'lagan tuzumlar qilmishi uchun javob beradi, deydi Obama. AQSh ular bilan diplomatik kelishuv tarafdori, ammo yovuz hukumatlar global tinchlikka raxna solsa, qarab turmaymiz, deydi prezident.

Rossiya va Amerika, dunyoda eng katta atom arsenaliga ega davlatlar, ular sonini kamaytirish yo'lida birga ishlashda davom etadi.

Tashqi siyosatda kiber-xavfsizlik, savdo va yuqumli kasalliklarga qarshi kurashga ham e'tiborni oshiramiz, deydi Obama bugungi nutqida.

Amerika arab dunyosida demokratiya tarafdori va erkinlikni targ'ib qiladi. Suriyada, deydi Obama, hukumat o'z xalqini ayovsiz qirishda davom etmoqda. AQSh buni qa'tiyan qoralaydi va bosimni oshirmoqda. Prezident kelasi oy Yaqin Sharqqa safar qiladi.

AQSh mudofaa uchun kamroq xarajat qilishga o'tar ekan, armiya o'z salohiyatini saqlab qoladi, deydi Obama. "Ixcham, zamon talablariga javob bera oladigan kuchga ega bo'lamiz", - deydi u.

Amerikani Amerika qilgan narsa shuki, deydi Obama, bu qonunlar va erkinliklar mamlakati. Demokratiya ba'zida juda tartibsiz jarayondek tuyuladi, deydi u, ammo oxir-oqibat fuqaro manfaatini ko'zlaydi, tomonlarni murosa va o'zaro hurmatga chorlaydi. AQShni dunyodagi eng qudratli davlat va imkoniyatlar o'chog'i qilgan omil shu, dedi u.

Obama yurtdoshlaridan, Kongress a'zolaridan bu kecha shu haqda o'ylashni so'radi.

Marko Rubio, respublikachi senator
Marko Rubio, respublikachi senator
Respublikachilar javobi

Prezident hisobotiga Respublikachilar partiyasi nomidan Marko Rubio, Florida shtatidan yosh senator, gapirdi.

Uning fikricha, Obama gapga usta, lekin g'oyalari puch.

"Prezident har bir muammoga javobni soliqni oshirish bilan hal etmoqchi. Uningcha, Amerikaning moliyaviy-iqtisodiy muammolarini ko'proq mablag' orqali yechish mumkin. Gap kuchli va samarali siyosatda", - deydi Rubio.

"Rahbarimiz xususiy sektorni yovuz va ochko'z kuch deb tasvirlaydi. Vaholanki, Amerika iqtisodiyotini ko'tarib turganlar aslida juda oddiy kelib chiqishga ega, qattiq mehnat qilib, yutuqqa erishgan insonlar. Iqtisodni yaxshilash uchun bozorni yanada erkinlashtirish, cheklovlarni kamaytirish kerak".

Ta'lim sohasidan immigratsiya tizimigacha, sog'liqni saqlashdan tortib, ijtimoiy himoyagacha, AQSh jamiki muammolarga yechim qidirar ekan, avvalo davlat qarzini kamaytirish haqida o'ylash kerak, deydi senator.

"Obama davrida faqat qarzga botdik, daromad oshmadi",- deydi Marko Rubio.

Amerika kuchi hukumatda emas, uning xalqida, deydi senator. Hukumat rolini kamaytirib, fuqaro faolligini oshirish kerak. Amerika orzusiga yetish shu yurtda yashayotgan har bir insonning o'z qo'lida. Hukumat halal bermasligi, sharoit yaratishi kerak xolos, deydi Marko Rubio.

Rend Pol, "Choychilar" harakati vakili, respublikachi senator
Rend Pol, "Choychilar" harakati vakili, respublikachi senator
"Choychilar" munosabati

Respublikachilar partiyasining eng konservativ, radikal qatlami hisoblanmish “Choychilar” harakati yulduzi Rand Pol, Kentuki shtatidan saylangan senator, o’z safdoshlari nomidan gapirar ekan, prezident Obamani siyosiy lo’ttibozlikda aybladi.

“Prezident o’ylaydiki, hamma muammoni mablag’ ajratib hal etish mumkin. Mablag’ qayerdan keladi? Byudjetning ahvoli voy bo'lsa… Kamomad osmonda. Yo’q pulni sarflab, kun sayin qarzga botayapmiz. Amerika buyuk deymiz, lekin yuritayotgan siyosatimiz uni orqaga olib ketayapti”, - dedi Rand Pol.

O’tgan to’rt yilda Amerika qarzi olti trillionga oshdi, kelasi to’rt yilda undan ham ko’tarilsa ajabmas, deydi senator.

Muammoga javob – muvozanatlangan byudjet. “Choychilar” nazarida xarajatlarni keskin kamaytirish kerak.

Uningcha, Amerika buyukligi konstitutsiya tomonidan kafolatlangan erkinliklarda. Bu yurt hamma uchun ochiq, lekin qonunga bosh egib yashash kerak. Amerikalik bo’lish ulkan mas’luiyatni anglatadi, deydi senator immigratsiya haqida gapirar ekan.

Respublikachilar immigrantlarga qarshi degan noto’g’ri tushunchani o'zgartirib, bu yurtda halol mehnat qilib, tirikchilik qilayotgan muhojirlarni o’z bag’rimizga olishimiz kerak, deydi Pol.

Xalqqa hisobot - State of the Union 2013
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:06 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG