Bugun, 10 fevral kuni, Misrda Husni Muborak xalq talabiga nihoyat bosh egib hokimiyatni topshiradi deb kutgan Obama ma'muriyati Qohirada konkret o'zgarishlar bo'lmayotganidan afsusda.
Muborak unga qarshi bosh ko'targan ommaga murojaat qilib, "prezidentlikdan ketmayman" dedi.
"Misr xalqiga hokimiyat o'zgaradi deb va'da qilingan edi. Lekin bundan hali-beri darak yo'q. Xalq rahbariyatning biror so'ziga ishonmaydi. Demokratik tuzum tomon qadam tashlanadi degan so'zlar amalda isbotini topmayapti",- deyiladi Oq Uy chiqargan bayonotda.
"Hukumat qanday o'zgarish bo'lishini Misr xalqi va butun dunyoga aniq aytishi kerak. Misr rahbariyati ishonchli, konkret va muayyan yo'ldan ketayotganini namoyon etib, haqiqiy demokratik jarayonlar boshlanishi kerak. Xalq kutmoqda, lekin Muborak ma'muriyati fursatni boy beryapti".
AQSh hukumati shu tariqa Misr taqdiri uning xalqi qo'lida deyishda davom etmoqda.
Oq Uy nazarida xalqning talabi qondirilishi kerak. Xalq amaldagi siyosatdan norozi ekanini bildirmoqda va unga boshqa toqat qilmoqchi emas. Uning erkinligi va huquqi hurmat qilinishi va uning dardi tinglanishi kerak, deydi prezident Barak Obama.
Omma talablari esa asosan quyidagilardan iborat: fuqarolarning huquq va erkinliklari himoya qilinsin; konstitutsiya qayta ko'rib chiqilib, demokratik tuzumga moslansin; erkin va adolatli saylovlar orqali yangi hukumat saylansin.
Ikki haftadan beri namoyish qilayotgan yuzlab ming insonlar g'azabda ekan, zo'ravonlikdan tiyilishi kerak. Namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilmasligi shart.
"Misr xalqi orqaga qaytmaslikka ahd qilgan. Misr o'zgardi. Endi u xalq izni ostida",- deyiladi Oq Uy bayonotida.
"Namoyish qilayotganlar Misr jamiyati vakillari: yosh va qari, musulmon va nasroniy, boy va qashshoq. Ular birdamlikda bosh ko'targan. Ularni orqaga qaytara olmaysiz. Ular o'z haqlarini tinch yo'l bilan talab qilmoqda".
"Misr bu og'ir damlarga bardosh berib, yorug' kelajak tomon qadam tashlashiga ishonaman. Bu xalq Amerika Qo'shma Shtatlari uning do'sti ekanini biladi degan umiddamiz",- deydi prezident Obama.