Breaking News

Obama BMTda biror davlat rahbari bilan uchrashmadi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining o'tgan yilgi sessiyasi paytida kamida 12 davlat rahbari bilan alohida, yuzma-yuz muzokara olib borgan Barak Obama bu safar faqat nutq so'zladi va bir necha namoyondalar bilan suratga tushdi xolos.

Nima uchun degan savolga Oq Uy prezident dunyo rahbarlari bilan doimiy muloqotda, ayniqsa so'nggi paytlarda Turkiya, Misr, Isroil, Yaman, Liviya va Afg'oniston bilan tinimsiz gaplashmoqda, deya javob qiladi.

Obamani prezidentlikdan olishga bel bog'lagan respublikachilar uni ayniqsa Isroilga nisbatan adolatsiz munosabatda ayblaydi. Lekin BMTda Obama nafaqat bu davlat Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu balki Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan ham ko'rishmagan. Falastin davlatchiligi va Isroil noroziligi o'tgan yilgi sessiyada asosiy mavzulardan biri bo'lgan edi.

Bugun Bosh Assambleya oldidagi nutqida Obama urg’uni Suriyadagi mojaro va musulmon olamidagi qonli chiqishlarga berdi.

Prezident dunyo ahlini hamjihatlik, oshkoralik, mas’uliyat va kengroq fikrlashga chaqirdi.

Musulmonlarni g'azabga keltirgan video diniy haqoratdir, deydi u, ammo odamlarni o’ldirish uchun asos emas. Nasroniylar va yahudiylar, qolaversa, boshqa e’tiqod egalari ham doimiy tarzda haqoratlanadi, xo’rlanadi va tazyiqqa uchraydi.

XXI asrda ham insoniyat bir-birining dini, qarashlari va qadriyatlarini hurmat qilmasligi hammamiz uchun birdek sharmandalik, deydi u.

Amerika rahbari dunyo yetakchilariga murojaat qilib, Liviyada AQSh elchisi va vakolatxona xodimlari o’ldirilgani BMT prinsiplariga ziddir, dedi.

“BMT asoslari hamon kuchda bo’lsa, unda elchixona xavfsizligini mustahkamlash yoki afsuslarga to’la bayonotlar chiqarishning o’zi yetmaydi. Tinchlikni ta’minlash konkret choralar talab qiladi. Biz, global rahbarlar, odamlarni qon to’kishga chorlagan sabablarni ochiq aytishimiz kerak”,- deydi Obama.

AQSh prezidenti Suriya rahbari Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirdi. Boshqa yo’l yo’q, deydi u.

“Suriyada kelajak o’z xalqini o’ldirgan diktator qo’lida emas. Norozilik namoyishi qilmoqchimisiz, qarang, bu davlatda nima bo’layotganiga. Go’daklarni qiynoqqa solib, aholini o’qqa tutayotgan tuzum bu”,- deydi Obama.

Barak Obama Bosh Assambleyada so'zlamoqda, 25-sentabr, 2012
Barak Obama Bosh Assambleyada so'zlamoqda, 25-sentabr, 2012
Bunday zolim hukumat ortida esa yana bir zolim tuzum, Eron, turibdi, deydi Obama. Uning atom quroliga ega bo’lishiga yo’l bermaymiz, deydi u.

“Dunyo shuni bilsinki, yadroviy Eronni nazorat qila olmaysiz. U nafaqat Isroilga, balki Fors ko’rfazidagi davlatlar xavfsizligi, global iqtisodiyot va tinchlikka birdek tahdid soladi”.

Obama mojaroni diplomatik yo’l bilan hal etish tarafdori, lekin vaqtni ham boy bermoqchi emas. Sabr kosamiz to’lib bormoqda, deydi u.

Bu safar Bosh Assambleya sessiyasiga 120 dan ortiq davlat rahbari keldi. Markaziy Osiyo respublikalaridan asosan tashqi ishlar vazirlari.

Obama nutqi, ingliz tilida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG