AQSh Davlat departamenti joriy yilning iyun oyida dunyo bo'ylab inson savdosi va majburiy mehnat bo’yicha yillik hisobot chiqarganida O’zbekiston xavotirga molik davlatlar safida eng yuqori o'ringa qo'yilib, alohida e'tiborga molik deya qayd etilgan edi.
Shunga asoslanib, AQSh qonunlariga binoan, prezident Barak Obama hisobotdan keyingi uch oy ichida jazo choralari ko'rish haqida bir qarorga kelishi kerak. Oq uyning bildirishicha, boshqa bir necha davlat qatorida O'zbekiston ham cheklovlardan mustasno, chunki AQSh davlat xavfsizligi uchun muhim masalalarda Vashington bilan hamkorlik qilmoqda.
Davlat departamenti tahlilnomasida nafaqat qishloq xo'jaligi va paxta sohasidagi ekspluatatsiya, balki bu davlat fuqarolarining fohishalik va qora mehnat uchun pullanish hollari haqida ham ma'lumotlar beriladi.
Paxta Kampaniyasi (Cotton Campaign) nomli xalqaro nodavlat guruh bu hisobotni olqishlab, AQSh hukumati muammoni e’tirof etish bilan O’zbekiston paxta dalalarida qulday ishlatilayotgan millionlab odamlar yonini olmoqda deya izohlagan edi.
Paxta Kampaniyasi huquq himoyachilari, sarmoyachi, mehnatkash, biznes ahlini o’z ichiga olgan koalitsiyadir.
Amerika hukumati O’zbekistonni majburiy mehnat chuqur ildiz otgan jamiyat deya uni savolga tutayotgani ijobiy hol, deydi Stiv Sverdlov, Human Rights Watch huquq tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha vakili, biroq jazo chorasisiz vaziyat yaxshilanmaydi. Respublika cheklovlarga yuz tutgan paytda, siyosiy bosim ostiga olinganida oz bo'lsa-da progress bo'lgan, deydi u.
Sverdlov bolalar mehnatining qonunan taqiqlanishi va o'quvchilar yoppasiga terimga olib chiqilish hollari kamayganing xalqaro bosim mahsuli deb hisoblaydi.
Biroq haqiqat shuki, deydi u, turli yoshdagi fuqarolar har yili dalaga haydaladi, qo’rqitiladi va og’ir sharoitda haftalab paxta terishga majbur qilinadi.
Davlat departamenti hisobotida O’zbekiston o’tgan yili ham eng past – uchinchi toifaga kiritilgan edi. Shunga qaramay Obama ma'muriyati muammoga qarshi cheklov bilan kurashmoqchi emas. Diplomatlar muloqot ustun qo'yilayotganini aytadi. O'zbekistonda faqat dialog orqali ijobiy o'zgarishga erishish mumkin, deydi Toshkentdagi elchi Jorj Krol yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatlashganida.
Paxta Kampaniyasi o’tgan yili AQSh Davlat kotibiga yo’llagan xatida O'zbekiston hukumatini siquvga olib, xalqaro kuzatuvchilarga vaziyatni o'rganish uchun imkon yaratishga undang, deya murojaat qilgan edi.
O'zbekiston rahbariyati paxtani oq oltin deya atab, uning asosiy milliy boylik ekaniga urg'u beradi. Hosilni vaqtida terib olish uchun fuqarolar ko'ngilli ravishda hasharga chiqadi, ularni hech kim ekspluatatsiya qilmaydi, deydi rasmiylar.
Ko'plab o'zbekistonliklar fikricha ham paxta azaldan yalpi mehnat asosida yig'ib olinadigan mahsulot va millionlab odamlarning terimga olib chiqilishi fojia emas.
Huquq himoyachilari nazarida esa hech bir fuqaro majburan dalaga chiqarilmasligi va qilgan mehnatiga munosib haq olishi kerak. Xalqaro qonunlar shuni talab qiladi, deya eslatadi ular.