Breaking News

Obama: Vyetnamga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilishga tayyormiz


AQSh Prezidenti Barak Obama (chapda) Vyetnam rahbari Chan Day Kuang bilan, Xanoy, Vyetnam, 23-may, 2016-yil.
AQSh Prezidenti Barak Obama (chapda) Vyetnam rahbari Chan Day Kuang bilan, Xanoy, Vyetnam, 23-may, 2016-yil.

Osiyo safariga chiqqan AQSh Prezidenti Barak Obama Vyetnamda bo’lib, bu mamlakat rahbariyati bilan uchrashdi. Vyetnam Prezidenti Chan Day Kuangning qo‘shma matbuot anjumanida aytishicha, AQSh Vyetnamga qo’yilgan sanksiyalarni olib tashlaydi.

"Vyetnam qurol savdosiga qo’yilgan cheklovning bekor qilinishini olqishlaydi. Bu munosabatlarimizning to’liq normallashayotganidan darak”, - dedi u.

Obamaga ko’ra, AQSh Vyetnam bilan mudofaa bobidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaror qildi va bu mamlakat sohil xavfsizligi uchun qayiqlar ajratiladi, treninglar uyushtiriladi.

"Albatta, buning uchun hamkorlarimiz ayrim talablarga javob berishi kerak, masalan, inson huquqlariga doir talablarga. Shunda Vyetnam o’zini himoya qilishi uchun zarur qurollarni qo’lga kiritishi mumkin bo’ladi”, - dedi Obama.

Amerika rahbarining aytishicha, inson huquqlari bobida ikki davlat o’rtasidagi qarashlarda ba’zi farqlar bor, shuning uchun qurol savdosiga doir har bir kelishuv alohida ko’rib chiqiladi. Mafkuraviy kelishmovchiliklardan qutulish vaqti keldi, dedi Obama.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Fil Robertson AQSh va Vyetnam o’rtasidagi bu kelishuvni tanqid qilib, qurol savdosiga qo’yilgan cheklovlarni bekor qilmaslikka chaqirdi. Uning aytishicha, cheklov olib tashlansa, AQSh Vyetnamga inson huquqlari bobida ortiq bosim qo’ya olmaydi.

Prezident Obama Vyetnamdan so’ng shu hafta Yaponiyaga ham boradi. Bu mamlakatga safari chog’ida Obama Xirosima shahriga ham tashrif buyuradi. Ikkinchi jahon urushi yakunida AQSh yadro hujumiga uchragan bu shaharga shu kunga qadar Amerika prezidentining qadami yetmagan.

Ayrimlar Xirosimaga 1946-yil avgust oyida atom bombasi tashlangani uchun Obama uzr so’rashi kerak, deydi. Boshqalar esa AQSh rahbariga u yerga umuman bormaslikni tavsiya qiladi.

AQSh o’shanda Nagasaki shahriga ham atom bombasi tashlagan edi. Natijada yuz minglab odamlar nobud bo’lgan. Ba’zilari o’sha zahoti, boshqalar esa nurlanishdan, yillar o’tib. AQSh rasmiylariga ko’ra, o’sha hujumlar Ikkinchi jahon urushini tezroq tugatishga imkon berdi, biroq tanqidchilar nazarida har ikki bomba Yaponiya harbiylariga emas, tinch aholi yashovchi shaharlarga tashlangan edi.

O’tgan hafta Xirosimaga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham borib keldi.

Obama bu shahardagi nutqida yadro qurolining dunyoga tahdidi hamda bu turdagi qurollarni kamaytirish ahamiyatiga urg’u beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG