Prezident Barak Obama va Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, eng yaqin ittifoqchi davlatlar rahbarlari, so’nggi payt bir-biridan ancha uzoqlashgan. Rahbarlar o’rtasidagi munosabatlar tashqi siyosatda qanday rol o’ynaydi?
Obama va Netanyaxu arazlashib qolgani haqida matbuotda juda ko’p gapirilyapti va yozilyapti. Isroil vaziri Oq uyning ra’yiga qarshi borib, Kongress oldida nutq so’zladi va Tehron bilan yadro masalasida muzokara olib borilayotganini qoraladi.
Davlat departamentida Yaqin Sharq masalalari bilan shug’ullangan Aron Deyvid Miller aytishicha, o’tmishda Amerika va Isroil rahbarlari kelisha olmagan hollar bo’lgan, lekin Obama va Netanyaxu bu to’g’ondan o’ta olmayotgani bilan ajralib turadi.
“Sababi shundaki, ikkisining shaxsiyati, dunyoqarashi va olib borayotgan siyosati bir-biridan tubdan farq qiladi. Yaqin o’tmishda AQSh-Isroil munosabatlari bu darajada taranglashmagan”, deydi u.
Shaxsiy aloqalar siyosatda qanchalik muhim?
Jorj Vashington universiteti professori Metyu Dallek fikricha, Prezident Obama va Bosh vazir Netanyaxu boshidan bir-biri bilan yaqin, inoq bo’lganida edi, oraga hozirgi darajada sovuqchilik tushmagan bo’lardi.
Amerika rahbarlari xorijiy davlat yetakchilari bilan do’stona rishtalarga ega bo’lishi muhim, ayniqsa krizis ro’y berganda.
“Do’stona aloqalar ahamiyatini oshirib ko’rsatmaylik, chunki siyosatda chuqur tafovutlar bo’lishi turgan gap. Lekin murakkab masalalar ustida muhokama ketayotganda o’zaro ishonch bo’lgani yaxshi. Obama, nazarimda, fikrini ochiq aytavermaydigan siyosatchi”, - deyli Dallek.
Olti yillik prezidentligi davrida Barak Obama dunyo rahbarlari bilan apoq-chapoq bo’lib ketgani ko’zga tashlanmaydi. Faqatgina Britaniya bosh vaziriga “og’ayni” deb murojaat qilgani ma’lum.
Obamaning o’zidan so’rasangiz, Isroil bosh vaziri bilan muomalasi rasmiy, formal ekanini aytadi. Boshqa davlat rahbarlari bilan ham aloqalari shunga monand.
Prezidentlar tarixini o’rganib, bu haqda kitob yozgan Aron Deyvid Millerning aytishicha, davlat rahbari siyosatga mehr qo’yishi, odamlar bilan bog’lana olishi kerak. Obamaning yondashuvi esa boshqacha.
“Prezident bir narsaga erishmoqchi bo’lsa, ishonch va qat’iyat bilan harakat qilganini ko’rganmiz. Lekin odatda atrofdagilardan uzilgan, o’zining fikr-xayollariga berilgan, oldingi prezidentlarga qaraganda ancha kamgap”.
Katta siyosatda boshqalar bilan samimiy va do’stona aloqaga ega bo’lish muhim. Biroq bu siyosiy tafovutlarni yengib o’tishning kaliti deb ko’rilmasligi kerak.