Breaking News

O'ljas Sulaymonov: "Milliy g'oya ko'p madaniyatli bo'lishi lozim"


O'ljas Sulaymonov, qozoq shoiri, yozuvchisi va diplomati, Vashington, 6-noyabr, 2013-yil
O'ljas Sulaymonov, qozoq shoiri, yozuvchisi va diplomati, Vashington, 6-noyabr, 2013-yil
Taniqli qozoq yozuvchisi O’ljas Sulaymonovning aytishicha, Markaziy Osiyo integratsiyasi tabiiy va ijobiy jarayon bo’lib, mintaqa mamlakatlaridan hamjihatlikni talab qiladi. Qozog’istonning YUNESKO dagi elchisi Vashingtonda bo’lib, bu va boshqa mavzularda o’z fikrlarini bildirdi.

O’ljas Sulaymonov Jorj Vashington universitetida qozoq madaniyatiga bag’ishlangan ilmiy anjumanda ishtirok etdi. Uning aytishicha, adabiyot – madaniyat ko’zgusi, ammo Sovet Ittifoqi hududida vujudga kelgan mamlakatlarda adabiyot 20 yildan beri krizisdan chiqa olmayapti.

"Sovet Ittifoqi “Buyuk o’quvchi mamlakati” hisoblanardi. She’riy kitoblar 50 ming, 100 ming nusxalarda chop etilardi. Navo kechalarini kuzatish uchun uch-to’rt ming odam to’planardi. Masalan, Amerikada she’riy nashr adadi hatto 500 nusxadan oshmagan. Sovet Ittifoqida kitob sotib olish uchun odamlar navbatda turardi", - deya eslaydi adib.

O’ljas Sulaymonovning aytishicha, bugunga kelib “buyuk o’quvchi” buyuk tinglovchi, kuzatuvchiga aylandi. Bu madaniyat uchun katta yo’qotish, chunki aynan kitobning, yozuvning paydo bo’lishi bilan inson madaniyati tug’ilgan, deydi u.

Birinchi inson 150 ming yil avval paydo bo’lgan bo’lsa-da, tarixda shundan so’nggi olti ming yili bitilgan, xolos, deydi adib.

"Kitobning qadriga yetishimiz kerak. Usiz na iqtisodiyot va na siyosat bo’lishi mumkin. Kitob – bu madaniyat, madaniyatsiz iqtisodiyot, madaniyatsiz siyosat qanday bo’lishini bugungi kunda ko’rib turibmiz. Bilim xalqlarni yaqinlashtiradi, nodonlik esa ularning orasiga nizo urug’ini sochadi", - deydi O’ljas Sulaymonov.

77 yoshli arbob nazarida sobiq ittifoq hududi va Markaziy Osiyoda integratsion jarayonlar tabiiy holat bo’lib, Yevrosiyo Ittifoqi loyihasi ana shunday jarayonlardan eng muhimi.

"Rossiya, Qozog’iston va Belarus ittifoq urug’ini sochib qo’ydi. Boshqalar diqqat bilan kuzatmoqda. Agar loyiha muvaffaqiyatli bo’lsa, a’zolari ko’payadi. Albatta, jarayon ayrim qiyinchiliklarga duch kelmoqda – iqtisodiy, bojxona".

O’ljas Sulaymonov nazarida Markaziy Osiyo integratsiyasini mamlakatlarda xato formani qabul qilgan milliy g’oya sekinlashtirmoqda.

"Sovet Ittifoqi qulashi oqibatida 15 yangi davlat hosil bo’lgan bo’lsa, milliy g’oya ham 15 xil bo’ldi. Aksariyatida g’oya millatchilik tusini oldi. Millatchilik mamlakat imkoniyatlarini cheklaydi, aholini yagona millat sifatida belgilamaydi, muayyan bir guruhni boshqalardan ustun qo’yadi. Bu hol jamiyat taraqqiyotiga halal beradi", - deydi qozoq adibi.

O’ljas Sulaymonovning aytishicha, aslida milliy g’oya barcha millatlarni birlashtirishga qaratilishi lozim, har bir millatning o’zligi va madaniyatining o’ziga xos qirralarini saqlab qolgan holda.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG