Breaking News

YXHT vakillari O'zbekistondagi saylovni kuzatadi


O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qoshidagi matbuot markazi
O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi qoshidagi matbuot markazi

O`zbekiston prezidentligi uchun muddatidan avval o`tkazilayotgan saylovlarni bu yil Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) to`liq missiyasi, 300 ga yaqin vakillari kuzatadi. YXHT missiyasi hozirgacha O`zbekistondagi saylovlarni to`liq tarkibda kuzatmagan, bu qaror G`arbning yangi prezidentga umid ko`zi bilan qarayotganidan darak sifatida baholanmoqda. Markaziy saylov komissiyasi saylovning ochiq, demokratik tarzda o`tishini ta`kidlayapti, mahalliy va xorijlik jurnalistlar uchun seminarlar tashkil etmoqda.

YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi O`zbekiston prezidentligi uchun saylov kampaniyasini kuzatishga doir dastlabki hisobotini e`lon qildi. Hisobot tashkilot qoshidagi Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlarining O`zbekistonga tashrifi, saylov jarayoni bilan tanishishi ortidan e`lon qilinmoqda.

Xulosaga ko`ra, YXHT O`zbekiston prezidentligi saylovlarini kuzatish uchun uzoq va qisqa muddatli ikki guruhni, 300ga yaqin kuzatuvchilarini jo`natadi. Qisqa muddatli guruhga kiruvchi 250 atrofidagi kuzatuvchilar bevosita 4-dekabr kuni ishlasa, uzoq muddatli guruh saylov bilan bog`liq jarayonlarni kuzatib boradi.

O`zbekistonda o`tgan saylovlar hozirgacha YXHTning to`liq missiyasi tomonidan kuzatilmagan, saylovlarda raqobat yo`qligini e`tirof etgan tashkilot faqat kichik guruhdan iborat cheklangan missiya jo`natish bilan kifoyalanib kelgan edi.

Mamlakatni 27 yil davomida boshqargan, siyosiy muxoliflarini ayovsiz bostirib kelgan Islom Karimovning vafoti uning ishtirokisiz, muddatidan avval o`tkazilayotgan prezidentlik saylovlarini raqobatli qildi deyish qiyin.

O`zbekistonlik siyosiy muhojir, huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov bu haqda shunday deydi:

“O`zbekistonda Islom Karimov davrida ham hech qachon erkin demokratik saylovlar bo`lmagan. Mirziyoyev qatnashayotgan bu safargi 4-dekabr kuni kutilayotgan saylovlar ham demokratik tarzda o`tmaydi. Chunki erkin matbuot yo`q, muxolif partiyalar ro`yxatga olinmagan, norozilikni bildirish, harakatlanish erkinligi yo`q. Bunday sharoitda erkin, demokratik saylovlar bo`lmasligini hamma biladi. Lekin G`arb davlatlari yangi prezident bo`lganligi uchun Shavkat Mirziyoyevga umid bildirishayapti, demokartik islohotlarga undashmoqchi. Bu narsa avval ham 2003-yillarda kuzatilgan. G`arb Karimov rejimi o`zgarishiga umid qilib, hukumat bilan hamkorlikka kirishgan edi, lekin hech narsa o`zgarmadi. Men Shavkat Mirziyoyevga bildirilayotgan umidlarning oqlanishiga unchalik ishonmayman”.

Markaziy saylov komissiyasi YXHT Ehtiyojlarni baholash missiyasi hisobotidan iqtibos keltirishicha, ekspertlar saylov tayyorgarlik jarayonini, xususan, qonunchilikka kiritilgan o`zgarishlarni, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan aholining huquqiy va elektoral faolligini oshirish bo`yicha qilinayotgan ishlarni ijobiy baholagan.

Ta`kidlanishicha, saylov jarayonini o`rganish uchun O`zbekistonda bo`lgan YXHT ekspertlari missiya doirasida televideniye va matbuoti vakillari, jurnalistlar bilan ham uchrashishgan, saylov jarayoniga doir vaziyat bilan tanishishgan.

4-dekabr kuni kutilayotgan prezidentlik saylovlarida Liberal demokratlar partiyasi nomzodi, muvaqqat prezident Shavkat Mirziyyevdan tashqari, “Adolat” partiyasidan Narimon Umarov, “Milliy tiklanish”dan Sarvar Otamurodov, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov qatnashyapti.

Tanqidchilar O`zbekiston prezidentligi uchun saylovlarda raqobat bo`lmasligi sababini mamlakatda mustaqil, erkin matbuot yo`qligi, nomzodlar ishtirokining soxtaligida ko`rishadi.

“Saylovda cho`ntak partiya nomzodlari qatnashayotgani uchun raqobat haqida muhokama qilishning keragi yo`q, ma`nosiz, o`z-o`zidan ular cho`ntak partiyalar. Karimov davrida tashkil qilingan, davlat tomonidan moliyalanadi, boshqariladi, ular qo`g`irchoq-ku. Qanday qilib raqobat haqida gapirish mumkin. Hozirgacha bu siyosiy partiyalar biror muammoni ko`tarishgani yoki shuncha yillar Karimov tomonidan konstitutsiya qo`pol buzib kelingani yuzasidan bir tanqid bildirishgani kuzatilmagan”, - deydi Abdujalil Boymatov.

Markaziy saylov komissiyasiga ko`ra, ayni paytda siyosiy partiyalar o`z nomzodlarini ro`yxatdan o`tkazish uchun zarur hujjatlarni taqdim etib bo`lishgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG