O'zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan bir qator yangi qaror va o'zgarishlarni amalga oshirdi. Qo'shnilar bilan aloqalarning qayta tiklanayotgani, korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha yangi qonun loyihasining yaratilishi kabi u amalga oshirayotgan bir qator masalalar ayrim huquq faollarining olqishiga ham sazovor bo'lmoqda.
Mirziyoyev o'z saylov dasturida sud-huquq tizimini isloh qilishga ham alohida e'tibor qaratishini ma'lum qildi. Bu borada olg'a surilayotgan o'zgarishlarning ahamiyati qanday? "Tashabbus" nodavlat tashkiloti rahbari, huquqshunos Dilorom Abdullayeva bilan shu haqda suhbat o'tkazdik.
Huquqshunos fikricha, Mirziyoyev bir qator sohalarda ijobiy o'zgarishlarni amalga oshirmoqda, ammo bu islohotlarning qanchalik samara berishini baholashga hali erta.
Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, odil va mustaqil sud hokimiyatini mustahkamlash masalasida shu paytgacha ham ko'p gapirilgan, ammo amalda ularning ijrosi ta'minlanmas edi, deydi Abdullayeva.
Uning aytishicha, qonun ustuvorligini ta'minlash uchun, avvalo, fuqarolarda, ayniqsa, rasmiylarda qonunlarga nisbatan hurmat hissini uyg'otish kerak. Bu esa qonun buziilshi holatlarida rasmiylarga ham, oddiy fuqarolarga ham birdek munosabatda bo'lishni talab qiladi, deydi u.
Huqushunos mamlakatda advokatura institutini kuchaytirish kerak, degan fikrni ham olg'a surdi. Sud ishlarida fuqarolar haq-huquqlarini himoya qiluvchi huquqshunoslar vakolatlari kuchaytirishili kerak; shu paytgacha ularning mavqei ataylab zaiflashtirildi va asosiy kuch prokurorlarga berildi, deydi u.
Suhbatni to'liq quyida tinglashingiz mumkin.