Breaking News

O'shdagi o’zbek teatri turkiyzabon jamoalar festivalida qatnashadi


O'sh, Qirg'iziston
O'sh, Qirg'iziston

Qirg’izistonning eng keksa sahna jamoasi bo’lmish O’sh o’zbek akademik musiqali drama teatri turkiyzabon teatrlarning to’qqizinchi festivaliga hozirlik ko’rmoqda.

Shu bahor Turkiyaning Konya shahrida bo’lib o’tadigan san’at bayramida o’shliklar qadim qirg’iz botiri, elboshisi Barsbek haqidagi spektaklni namoyish etadi. “Amerika ovozi” teatr direktori, taniqli aktyor va rejissor Nabijon Mamajonovni suhbatga chorladi.

O'shdagi o'zbek drama teatri hayotidan-Muhiddin Zarif hikoya qiladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:28 0:00

"Qirg’iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev qalamiga mansub bu asar VII asr oxiri -VIII asr boshlarida yashab o’tgan qirg’iz botiri Barsbek hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi. Barsbek tarqoq elatlarni birlashtirish va yagona davlat - qirg’iz hoqonligini tuzishni maqsad qilgan. U atrof ellarga do’stlik, hamkorlik qo’lini uzatgan, insoniylik, ahillik, birodarlik, xalqlar do’stligi g’oyalariga tayangan. Asarda tarannum etilgan qadriyatlar bizning diqqatimizni tortdi. Va muallif ruxsati bilan Qirg’iziston ijodiy jamoalari ichida birinchi bo’lib uni sahnaga olib chiqdik”, - deydi teatr direktori Mamajonov.

Suhbatdosh Barsbekning chaqiriqlaridan namunalar keltiradi:

"Bir qamchining dastasi bo’laylik,
Bir donning boshog’i bo’laylik,
Shiorimiz, dilimiz bir bo’lsin, do’stligimiz chin bo’lsin".

Ma’lumki, turkiyzabon teatrlar xalqaro festivalining asosiy shiori va g’oyasi ham - xalqlar do’stligi, insonparvarlik, pok ma’naviyat…

Aytish joizki, 2016-yil Qirg’izistonda Tarix va madaniyat yili deb e’lon qilingan. Mahalliy mutaxassislar tarixiy, madaniy meros yangi avlodni tarbiyalash borasida muhim rol o’ynashi lozimligini ta’kidlaydi.

O’sh o’zbek akademik teatriga qaytsak, jamoa taniqli qirg’iz davlar arbobi, ayni paytda o’zbek va tojik xalqlari ham o’z farzandi, deb hisoblaydigan (Ho’jandda bolalar uyida tahsil olgan, ko’p yil O’zbekistonda rahbar lavozimda faoliyat ko’rsatgan) Is'hoq Razzoqov haqida spektakl qo’yishni rejalashtirmoqda.

Har qanday ijodiy safar kabi Turkiya gastroli ham o’shlik sahna ustalari uchun kasbiy yuksalish, tajriba orttirish borasida muhim.

Afsuski, keyingi yillarda sobiq ittifoq respublikalari - hozirda mustaqil qo’shni o’lkalar - bilan madaniy aloqalar ko’lami toraygan.

“Avvalgi ijodiy rishtalar, bir mahallar keng rusm bo’lgan u yoki bu respublikaning madaniyat va san’at festivallari, o’n kunliklari tiklansa qanday yaxshi bo’lar edi. Madaniyat, san’at va sport - insonlarni, elatlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi omil, tinchlik, ahillik, do’stlik ko’prigi, deb bejiz aytilmaydi”, - deydi Nabijon Mamajonov.

Dastlabki speklaklini 1919-yil tomoshabinlar hukmiga havola etgan ushbu jamoa o’zining yuz yillik yubileyini yangi ijodiy loyihalar bilan qarshilamoqda.

XS
SM
MD
LG