Pokistonda yetti yashar qizning zo'rlanishi va o'ldirilishi mamlakat bo'ylab keskin g'azab va noroziliklarga sabab bo'ldi. Bolalarning jinsiy tahqirlanishi shu paytgacha Pokiston jamiyatida ochiq tilga olinadigan mavzu emas edi. Endi esa bolalarni himoya qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Zaynabning onasi hamon o'ldirilgan farzandi uchun motam tutmoqda.
"U oilada eng yoshimiz va ota-onasini qanday xursand qilishni biladigan qiz edi", - deydi Nusrat Bibi.
Zaynabning vahshiylarcha zo'rlanishi va o'ldirilishi Pokiston bo'ylab ommaviy namoyishlarga sabab bo'ldi. Qizlarning tahqirlanishi o'lkada yagona hodisa emas.
Panjob viloyatining o'zida o'tgan ikki yilda 1300 jinsiy zo'ravonlik holati qayd etilgan. Mingdan ortig'i yosh o'g'il bolalar.
"U meni qiynadi. Tun bo'yi yig'ladim", - deydi tahqirlangan bolalardan biri.
Bolalar huquqi himoyachilarining aytishicha, ko'p jinoyatlar haqida xabar berilmaydi. Bu narsa haqida gapirish jamiyatda uyat hisoblanadi. Politsiya va ta'sirchan kishilar ishni ovoza qilmasdan yopishga harakat qiladi.
"Bu baxtsiz hodisa biz bilan ro'y berdi, lekin hech kim chora ko'rishga urinmadi. Biz o'zimiz jinoyatchini politsiyaga topshirdik, ammo ular jinoyat ishi ochilgan bo'lsa ham, uni qo'yib yuborishdi. Nega ozod qilishdi?", - deya so'raydi qurbonning akasi Maqsud.
Huquq faollarining aytishicha, ko'pincha, ish sudgacha yetib bormaydi. Pokiston huquq tizimiga ko'ra, jabrdiyda oila jinoyatchini kechirishi va u taklif qilgan "qon puli"ni olishi mumkin.
Ota-onalarning qonunni va tibbiy jarayonni bilmasligi ham yana bir muammo.
Bolalarni jinsiy tazyiqlardan himoya qilishni, avvalo, ta'lim tizimini o'zgartirishdan boshlash kerak, deydi faollar.
"Bolalar uchun darslarda qanday aloqa yoki teginish joiz ekani haqida o'rgatilmaydi", - deydi huquq faoli Mehdi Hasan.
Bu mavzu haqida o'qituvchilar va ota-onalar bolalar bilan gaplashishi kerak, deyayotganlar ham ko'p.
"Bolalar juda kichik, lekin biz ularga begonalar bilan ketmaslikni aytganmiz. Agar kimdir teginsa yoki seni ushlasa, yordam so'rab qichqir, deb aytamiz", - deydi maktab direktori Shohida Xonim.
Zaynabni endi ortga qaytarish imkonsiz, ammo u bilan bo'lgan voqea boshqa minglab bolalar hayotini saqlab qolish uchun ogohlantirish vazifasini o'tashi kerak.
Facebook Forum