Breaking News

Navoz Sharif: Jangarilar bilan muzokaralar davom etadi


Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif (markazda)
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif (markazda)
Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif ekstremizm va jangarilar harakatiga chek qo’yish maqsadida Tolibon bilan olib borayotgan tinchlik muzokaralarini himoya qilishda davom etmoqda. Tanqidchilar nazarida, hukumatning bunday yondashuvi jangari guruhlarning mavqeini faqat mustahkamlashga xizmat qilmoqda, xolos.
Jangarilar bilan muloqot, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00
Yuklab oling
Fuqarolik jamiyati vakillari hamda mo’tadil siyosiy guruhlar Bosh vazir Navoz Sharifning “Pokiston Toliboni” jangari guruhini tinchlik muloqotiga taklif qilayotganidan norozi. Ularning aytishicha, jangarilarning taqiqlangan bu ittifoqi shu paytgacha o’n minglab pokistonliklarni o’ldirgan va davlat to’ntarishini amalga oshirishga uringan.

Ikki oy avval boshlangan muloqotda jiddiy siljish kuzatilmagan bo’lsa ham, Bosh vazir Sharif Islomobodda yig’ilgan diplomatlar huzurida muzokaralarning muvaffaqiyatli yakun topishidan umid borligini ta’kidladi.

“Samimiy harakatlarimiz kutilgan natijani beradi va mamlakatimizning o’z imkoniyatlarini to’liq amalga oshirishiga yo’l bermayotgan zo’ravionlik bartaraf etiladi, deb umid qilamiz”, - deydi Sharif.

Ammo mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar Pokistonda inson huquqlari borasidagi vaziyat keskin yomonlashganidan xavotir bildirmoqda. Diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi hisobotida ham Pokistonda kam sonli etnik va diniy guruhlarga nisbatan munosabat har doimgidan yomon holatga tushgani aytiladi.

Pokistonning inson huquqlari bo’yicha mustaqil komissiyasi (HRCP) e’lon qilgan so’nggi hisobotga ko’ra, oxirgi olti oy ichida mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish bo’yicha hech qanday ijobiy o’zgarish kuzatilmagan. Musulmon bo’lmaganlarning ibodatxonalariga hujumlar sonining oshgani, xususan, Pokiston janubidagi hind ibodatxonalari bir necha bor tahdidlar nishoniga aylangani xavotir bilan tilga olinadi.

Tashkilot bosh kotibi I.A.Rahmonning aytishicha, xavfsizlik vajidan minglab nomusulmon pokistonliklar mamlakatni tark etishga majbur bo’lyapti.

“Oz sonli diniy jamoalarning ahvoli vaqt o’tgan sari yomonlashib boryapti. Hozir Pokistonda dinni tahqirlashda ayblanganlarni sudda himoya qilish deyarli imkonsiz. Ular advokat yollay olmaydi, xavfsizligi uchun hech qanday himoya ololmaydi. Bu juda og’ir masalaga aylangan”, - deydi u.

Pokistonda aksariyat aholining dini bo’lgan islomni tahqirlash jinoyat hisoblanadi. Tanqidchilarga ko’ra, so’nggi yillarda ushbu qonunni qo’llash jarayonida haddan oshishlar ko’p bo’lyapti.

Rahmonning aytishicha, Sharif hukumati davrida diniy tazyiqlarning kuchayayotgani fuqarolik jamiyati faollarini jiddiy tashvishga solmoqda.

“Olib borilayotgan siyosat ham turli muammolarni keltirib chiqaryapti. Biz tinchlik tarafdorimiz, ammo Tolibon qanday shartlar bilan tinchlik olib kelishini bilmaymiz. Ko’plab fuqarolik jamiyati tashkilotlari kabi biz ham davlatning yon bosishidan, asosan, ayollar va oz sonli diniy guruhlar aziyat chekadi, degan tushunchadamiz”, - deydi Rahmon.

Pokiston shimoli-g’arbidagi qabilaviy hududlarda hukumat xavfsizlik kuchlari jangarilarga qarshi qator harbiy amaliyotlarni o’tkazgan. Ammo ekstremistlarni butunlay yo’q qilishning uddasidan chiqa olgani yo’q. Ilgari ham jangari guruhlar bilan tinchlik muzokaralari o’tkazilgan. Ammo, tanqidchilar nazarida, bu harakatlardan ekstremist kuchlar faqat o’zlarini qayta tiklab olish imkoniyati sifatida foydalangan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG