Breaking News

Qizil Xoch: Pokistonda vaziyat ayanchli, toshqinlar davom etmoqda


Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi va Pokiston Qizil Yarim oy jamiyati birgalikda mamlakat janubiga yordamni oshirmoqda. Ularning ogohlantirishicha, tabiiy ofat ko’lami kengayib bormoqda.

Monsun, yog’ingarchilik mavsumi davom etar ekan, toshqinlar hali-beri tinmasligi tayin, deydi mutaxassislar. Har kuni sel kelib o'nlab tuman, yuzlab qishloqlarni yuvib ketmoqda.

BMT hisobicha ofatdan bugungacha 20 million odam zarar ko’rgan. Janubda ahvol ayniqsa og’ir. O’nlab ming odamlar hayoti xavf ostida.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi vakili Dorotea Krimitsasning aytishicha, tashkilot Pokiston Qizil Yarim oy jamiyati bilan hamkorlikda 150 ming odamni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlamoqda.

“Sind va Panjob viloyatlariga ko’proq insonparvarlik yordami yetkazish harakatidamiz”,- deydi u.

Pokiston shimoli-g’arbi, Afg’oniston bilan chegaradosh katta mintaqada Tolibonga qarshi urush oqibatida minglab odamlar uy-joyidan ayrilgan va qochqinlar lagerlarida kun kechirishga majbur.

“Toshqin bu yerlarni yanada yemirib, chodirlarda yashayotgan aholi jon saqlash uchun qayerga borishini bilmaydi”,- deydi Qizil Xoch vakili.

“Tibbiy yordam berishga qiynalayapmiz, chunki tog’li hududlarga borish oson emas”, - deydi u.

Tashkilot yuqumli kasalliklar keng qanot yozishi mumkin deya xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG