Breaking News

BMT toshqin urgan Pokiston uchun 460 million dollar so’ramoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti toshqin girdobiga tortilgan Pokiston uchun qo’shimcha 460 million dollar yordam so’ramoqda. 14 million odamni xonavayron qilgan tabiiy ofat bilan kurashish, aholini qutqarish uchun millionlab dollar mablag’ zarur.

Toshqinlardan shu paytgacha 1600 odam nobud bo’lgan, ammo bu raqam oshishi kutilmoqda. Ayniqsa, Xaybar-Paxtunxva, Panjob va Sind viloyatlari qattiq jabr ko’rgan.

BMT xodimlarining aytishicha, halokat ko’lami shu qadar kattaki, hammaga yordam yetkazib ulgurish g’oyat mushkul. 14 million odam madad kutmoqda. Bu Pokiston hukumati uchun og’ir sinov. Mamlakat bunday toshqinni hali ko’rgan emas.

Hukumat hisob-kitobiga ko’ra, falokat 300 mingdan ziyod binoni vayron qilib, 14 ming bosh mol nobud bo’lgan; taxminan 1 million gektar hosildor yer suv ostida.

Ofatdan Pokistondagi qochqinlar lagerlari, millionlab afg’onlar yashovchi hudud ham ziyon ko’rgan. BMT Qochqinlar agentligi vakili Andrey Maxechich ham mahalliy aholi, ham qochqinlar bilan ishlayapmiz, deydi.

“Ba’zi yo’llar yopiq, ayrim viloyatlar xatarli”, - deydi Maxechich. “Palatkalar olib borsak, uni o’rnatish uchun quruq joy yo’q. Ofat urgan viloyatlarda afg’on qochqinlari ko’p. 1,7 million qochqindan 1,4 millioni ofat bilan olishayotgan viloyatlarda yashaydi. Millionlab fuqaro boshpanasiz, qo’y-qo’zisiz, bor-butidan ayrilgan”, - deydi BMT vakili.

Balujiston viloyatida, deydi Maxechich, gumanitar yordam zaxirasi tugab bormoqda. Svot vodiysiga oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon yetkazish qiyin, chunki chekka qishloqlarga yetaklovchi ko’priklar barbod bo’lgan. Xalqaro tashkilotlar hududga vertolyotda ovqat tashib kelayotgan edi, ammo oxirgi ikki-uch kunda kuchli jala tufayli qatnov to’xtatilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Pokistonda gumanitar ishlar uchun xalqaro hamjamiyatdan ko’proq yordam ajratishni so’ramoqda.

Pokistondagi Tolibon esa xalqaro yordamni qoralab, har qanday madadni rad etishga da’vat etmoqda. Jangarilar nazarida g’arb shu tariqa Pokistonni o’ziga qaram qilmoqchi. Qo’shma Shtatlar mamlakatga 20 million dollar va’da qilgan, shu paytgacha ajratilgan 35 million dollarga qo’shimcha tarzda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG