Breaking News

G'ani Pokiston orqali Afg'oniston-Hindiston savdosini rivojlantirmoqchi


Afg'oniston Pokistonning Vagah chegara punkti orqali Hindiston bozorlariga chiqishni xohlaydi, deydi G'ani.
Afg'oniston Pokistonning Vagah chegara punkti orqali Hindiston bozorlariga chiqishni xohlaydi, deydi G'ani.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani Pokiston va Hindistonni uning yurti orqali savdoni yo'lga qo'yishga chaqirmoqda. G'ani shu tariqa Kobul va Dehli o'rtasida savdo-sotiqni jonlantirmoqchi. Biroq Islomobod bunga qarshi.

Afg'oniston rahbari Dehliga safaridan oldin shunday da'vat bilan chiqdi. Islomobodning javobi ketidan G'ani Pokiston bilan o'rtadagi savdo tranzit yo'llarini yopishini aytib po'pisa qildi. Afg'oniston Pokistonning Vagah chegara punkti orqali Hindiston bozorlariga chiqishni xohlaydi, deydi G'ani.

Kobul global bozorga chiqishi uchun eng qisqa yo'l Pokistondan o'tadi. Mana bir necha o'n yildirki, afg'on mollari Pokistonning bandargohlari orqali jahon bozoriga yetkaziladi. O'z navbatida Pokiston mollari Afg'onistonning qo'shnilariga eltiladi.

"Prezident G'ani shuni esdan tutsin. Pokiston azaldan Afg'onistonga xalqaro bozorlarga chiqishga imkon berib keladi", - deydi Pokiston Tashqi ishlar vazirligidan Nafis Zakariya.

Ikki o'rtadagi bitimda Hindiston orqali savdo nazarda tutilmagan. Shunday bo'lsa-da, Pokiston izzat tariqasida afg'on mevasini Vagah chegara punkti orqali o'tkazib keladi, deydi Zakariya.

Pokiston va Hindiston rishtalari tarang ekan, Kobulning iltimosi hozirgi sharoitda amalga oshishi gumon, deydi mutaxassislar.

Pokiston va Markaziy Osiyo respublikalari o'rtasida Afg'oniston orqali savdo nihoyatda quyi ko'rsatkichda. Infratuzilma va transport yo'llaridagi nuqsonlar hamda xavfsizlik bilan bog'liq xavotirlar bunga to'sqinlik qilmoqda.

Biroq Kobul va Dehli o'rtasida rishtalar tobora rivojlanib borayapti, ayniqsa, mudofaa bobida. Bu esa Islomobodga ma'qul emas ko'rinadi, deydi mutaxassislar. Pokiston nazarida Hindiston razvedkasi afg'on razvedkasi bilan til biriktirib, Pokistonda terror xurujlari uyushtirishni rejalamoqda. Kobul va Dehli buni rad etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG